19:03 / 28.12.2020
5304

JSST COVID-19’ga chalinib tuzalganlarga niqob taqishda davom etishni maslahat berdi

JSST vakilining so‘zlariga ko‘ra, olimlar kasallikka chalinib tuzalganlarda koronavirusga qarshi immunitet qancha vaqt saqlanib qolishi mumkinligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazmoqda.

Foto: Pierre Crom / Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19’ga chalinib tuzalganlarga niqob taqishda davom etish va ijtimoiy masofa saqlashni maslahat beradi, dedi JSST eksperti Mariya van Kerkxove.

Van Kerkxovening so‘zlariga ko‘ra, olimlar kasallikka chalinib tuzalganlarda koronavirusga qarshi immunitet qancha vaqt saqlanib qolishi mumkinligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazmoqda.

«Bizda haligacha to‘liq manzara yo‘q. Ayrim tadqiqotlar antitanalar olti oy yoki undan uzoqroq muddat davomida saqlanib turishini ko‘rsatmoqda. Ammo boshqa koronaviruslar bo‘yicha orttirgan tajribamizga ko‘ra, immunitet bir umrlik bo‘lmaydi», — dedi u.

 Ekspert kasal bo‘lib sog‘ayganlar virusga qarshi choralarga amal qilishlari muhimligini ta'kidladi.

«Biz haligacha immunitet qancha vaqt saqlanib qolishini bilmaymiz. Shuning uchun ijtimoiy masofaga rioya qilish, sovun yoki spirtli antiseptiklarda qo‘llarni toza saqlash lozim. Kerakli joylarda niqob taqish va barcha ehtiyot choralariga amal qilish kerak», — deya ta'kidladi van Kerkxove.

Avvalroq avstraliyalik olimlar COVID-19’ga chalinib tuzalganlarda immunitet kamida sakkiz oy saqlanib turishini aniqlashgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top