10:14 / 28.12.2020
4077

O‘zbekistonda yil yakunlari bo‘yicha jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 6,6 mlrd dollarga yetishi prognoz qilinmoqda

Joriy yilning 26 dekabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida o‘tkazilgan videokonferensiyada 2020 yilda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati natijalari muhokama etildi hamda 2021 yilda investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirish borasida strategik maqsadlar, ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Tadbir davomida hududlar va tarmoqlar kesimida pandemiya sharoitlarida tadbirkorlar hamda eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Mahalliy tadbirkorlar duch kelayotgan masalalarni tezkor hal qilish bo‘yicha amaliy yordam berishga qaratilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlandi

Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda yil yakunlari bo‘yicha jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi avvalgi yildagiga nisbatan oshib, 6,6 mlrd dollarga yetishi va eksport ko‘rsatkichi 15,1 mlrd dollar miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu ko‘rsatkichlarga qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya, elektr, kimyo va yengil sanoat sohalarida yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, shuningdek, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, kon-metallurgiya, transport sohalarida tovar hamda xizmatlar eksportini sezilarli darajada oshirish orqali erishildi.

Mas'ul rahbarlarga joylarga chiqqan holda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilar bilan ishlashni faollashtirish, tuzilgan eksport shartnomalari bo‘yicha yuborilayotgan yuklarning kunlik monitoringini ta'minlash, debitor qarzdorliklar to‘lanishiga yordam berish, shuningdek, investitsiyalar va eksportni jalb qilish ko‘rsatkichlarini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar hamda resurslarni aniqlash maqsadida idoralararo darajadagi yaqin hamkorlikni ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Prognozga ko‘ra, 2021 yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 7,5 mlrd dollarni, eksport hajmi esa 17 mlrd dollarni tashkil etadi. Investorlarni jalb etish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish zarurligi alohida ta'kidlandi.

Sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, budjetga soliq tushumlarining oshishi, eksportning ko‘payishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan ajralib turadigan eng yuqori iqtisodiy samaraga ega investitsiya loyihalarini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligiga urg‘u berildi. Moliyaviy ko‘mak berish, uzluksiz gaz, elektr energiyasi va boshqa resurslar bilan ta'minlash, shuningdek, xorijiy mijozlarni topish, mahalliy mahsulotlarni ilgari surishning mavjud bo‘lgan vositalaridan faol foydalanish orqali yangi istiqbolli bozorlarga chiqishni nazarda tutgan holda eksportchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish muhimligi ta'kidlandi.

Top