16:55 / 28.12.2020
10085

Paxta mavsumida mehnat qonunchiligini buzgan mansabdorlarga qancha jarima qo‘llangani ma'lum qilindi

2020 yildagi paxta terimi davrida mehnat qonunchiligi buzilganligi uchun 174 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jami 745 mln 712 ming so‘m miqdorida ma'muriy jarima tayinlandi.

Bu haqda 28 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh davlat mehnat huquq inspektori Gulruh Niyazmetova axborot berdi.

«Joriy yilda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fermer xo‘jaliklari va klasterlarda 3048 dan ortiq majburiy mehnatga jalb etish holatini o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida 96 ming nafardan ortiq terimchi va ishchi xodimlar bilan suhbat o‘tkazilib, mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishi tahlil qilindi.

Natijada majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgan 47 ta holat paxta yig‘im-terimi bilan bog‘liq bo‘lib, shundan 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.

Paxta yig‘im-terimi davrida DMI tomonidan mehnat qonunchiligi buzilgani uchun 174 nafar mansabdor shaxsga jami 745 mln 712 ming so‘m miqdorida ma'muriy jarima tayinlandi.

DMIning sayt va telegram tarmoqlari orqali paxta yig‘im-terimi davrida mehnat huquqi buzilishlariga oid jami 790 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan call-markazimiz orqali 461 ta, veb-sayt orqali 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali 113 ta hamda 201 ta yozma ariza qayd etildi», — dedi inspeksiya xodimi.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, brifingda majburiy mehnatga eng ko‘p yo‘l qo‘ygan viloyat, mehnat qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ham ma'lumot berilgan.

«Aniqlangan majburiy mehnat holatlariga hududlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, joriy yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatning asosiy qismi Namangan viloyatida kuzatildi.

Shuningdek, Jizzax, Toshkent, Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida ham bu kabi holatlar qayd etildi.

2020 yilning joriy davriga qadar DMIning ish yurituviga jami 23615 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 13360 tasi qanoatlantirildi. Fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlari tiklandi.

Shuningdek, ish haqlarini o‘z vaqtida bermagan, xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratmagan hamda tegishli tartibda mehnat shartnomasini tuzmagan 127 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.

Blogerlar tomonidan joylarda mehnat qonunchiligi talablariga amal qilmaslik bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan jami 113 ta xabar zudlik bilan joylarda o‘rganildi. Ulardan 25 tasida keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topdi», dedi mutaxassis.

Avvalroq, 2020 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida158 nafar mansabdor shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgani, ushbu davrda majburiy mehnatdan aziyat chekkan 650 nafardan ortiq fuqaro aniqlangani xabar qilingandi.

Top