19:52 / 29.12.2020
3590

«Bunday tashabbuslar Markaziy Osiyo xalqlarini jisplashtirish uchun muhim» - Ekspert prezidentning Xiva forumi bo‘yicha taklifi haqida

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Amir Salyamov prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasiga sharhini taqdim etdi. U Markaziy Osiyodagi xalqlarni jipslashtirishda madaniy va ma'rifiy-ma'naviy sohalardagi faol hamkorlik muhim omil ekanini qayd etgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, fan, ta'lim, madaniyat va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha bildirilgan tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz, balki chet el OAV va ekspertlari o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Jumladan, 2021 yilda YuNeSKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» mavzusida xalqaro anjumanni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif siyosatshunos, tarixchi, ilm-fan, madaniyat va turizm sohasi vakillarining diqqat markazida turibdi.

Qayd etib o‘tish lozimki, davlat rahbarining ushbu tarixiy tashabbusi ilk bor shu yilning sentabr oyida o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan edi. O‘z o‘rnida YuNESKO bosh direktori Odri Azule ushbu g‘oyaning nihoyatda dolzarbligini qayd etib, shunday fikr bildirgandi: «Mintaqaning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy vazifasi va bugungi taraqqiyotidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida o‘zaro muloqot va muzokara maydoniga aylanishi mumkin».

Shak-shubhasiz, mazkur tashabbus so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida olib borayotgan mutlaqo yangi tashqi siyosatining mantiqiy davomi sanalib, mintaqaning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini oshirishda muhim strategik qadamlaridan biri sifatida baholash mumkin. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash bu tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi xalqlarni jipslashtirishga yo‘naltirilgan yangi tashqi siyosatini amalga oshirishda madaniy va ma'rifiy-ma'naviy sohalardagi faol hamkorliklar muhim omil hisoblanadi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish va xalqlarning farovon hayot kechirishga sharoit yaratishdir.

Ta'kidlash joizki, Markaziy Osiyo nihoyatda boy tarixga va madaniy merosga ega bo‘lgan insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biridir. Mintaqa «Buyuk ipak yo‘li»ning markazida joylashgan va unda yashovchi xalqlar Sharq va G‘arb o‘rtasidagi xalqaro savdo, ilmiy-fan yutuqlari va madaniyatlarining almashinuvini ta'minlovchi o‘ziga xos muhim bog‘lovchi rolini amalga oshirgan. Mintaqaning beshta mamlakati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘z tarixi, madaniyati va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida ko‘p uzviy o‘xshashliklarga ega bo‘lib, tarixan yagona ilm-fan va madaniy makon sifatida shakllangan.

Shu o‘rinda, umummintaqaviy ustuvor manfaatlarga asoslangan «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» mavzusida xalqaro anjumanni o‘tkazish mintaqa davlatlari aholisi o‘rtasida yakdillik ruhini kuchaytiradi va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yaxshi qo‘shnichilikning bardavomligini ta'minlashga g‘oyat muhim hissa qo‘shadi. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari jahon sivilizatsiyasiga qo‘shayotgan ulkan hissalarini qayta e'tirof etishga imkon beradi.

Qolaversa, xalqaro miqyosdagi ilm-fan vakillarining Markaziy Osiyo xalqlari boy ilmiy va madaniy meroslarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttiradi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning madaniy va tarixiy meroslarini qayta tiklash va ommalashtirishda xalqaro hamjamiyatning ishtirokini yanada faollashtirishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, mazkur xalqaro nufuzdagi tadbir mintaqamiz xalqlarining madaniy taraqqiyotiga qo‘shgan mislsiz hissasi haqida keng qamrovli fikr bildirish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘taydi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, keyingi yillarda yurtimizda tashkil etilayotgan nufuzli xalqaro konferensiyalar, forumlar, madaniy tadbirlar O‘zbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoning, balki dunyoning zamonaviy madaniy-ma'rifiy markazlaridan biriga aylanib borayotganini anglatadi.

Mazkur xalqaro forumning yana bir muhim jihati –O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahri turizm brendini yanada rivojlanitirishga va turistik oqimning ko‘payishiga xizmat qiladi. Shubhasiz, davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusini Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdagi amaliy qadamlardan biri sifatida baholash mumkin.

Mavzuga oid
Top