11:18 / 29.12.2020
15613

Shavkat Mirziyoyev: «Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim»

O‘zbekistonda boshqa tumandagi olis maktabga borib dars beradigan o‘qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa – 100 foiz ustama haq to‘lanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.

Prezident parlamentga murojaatnomasida pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirishga alohida e'tibor qaratilishini ta'kidladi.

«Ma'lumki, muallimlar hozirgi vaqtda eskicha usulda har 5 yilda malaka oshiradi. Bundan buyon ularning, «hayot davomida o‘qish» tamoyili asosida, o‘z malakasini uzluksiz oshirib borishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning o‘z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta ko‘rib chiqiladi.

Yana bir bor takrorlayman, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta'lim berish va o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur.

Shu bois, o‘qituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq to‘lash bo‘yicha boshlagan ishlarimiz kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Buning uchun xalq ta'limi xodimlarini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalariga 330 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab o‘qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilib, budjetdan 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi», dedi prezident.

Mavzuga oid
Top