19:40 / 29.12.2020
9763

Toshkentda yapon tili va kasbiy malaka test markazi ishga tushdi

Toshkentda xorijda mehnat qilishni rejalashtirgan mehnat migrantlari uchun yuqori maoshli mamlakatlarda ishlash imkoniyatini taqdim etish maqsadida “Yapon tili va kasbiy malaka test markazi” ishga tushdi. U “Ishga marhamat” Monomarkazi, Yaponiyaning “Sanko Global Group” va “Nippon Academy Educational” ko‘p tarmoqli ta'lim klasteri bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Monomarkazga uyushtirilgan press-turda qayd etilishicha, markaz 2019 yil 17 dekabrda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yaponiyaning vakolatli vazirliklari va idoralari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi qoidalarini inobatga olgan holda tashkil etilgan bo‘lib, o‘zbek fuqarolariga Yaponiyaning tegishli qonun talablariga moslashtirilgan ta'lim va ko‘nikmalarni berish bilan bir qatorda, Yaponiyaga xavfsiz, tartibli va tashkillashtirilgan holda jo‘natish mexanizmini yaratish vazifalari bilan ham shug‘ullanadi.

Mazkur markazda Nippon Academy Educational bilan hamkorlikda “Yapon tili” (JFT-Beizik) va “Maxsus kasbiy malaka” (Tokutey gino) testlariga tayyorlov kurslari joriy qilindi. Ushbu tayyorlov kurslari o‘qitilishi joriy yilning 16 noyabridan boshlangan bo‘lib, bugungi kunda Nippon Akademiyasi institutining 5 nafar yetakchi pedagoglari 50 nafar fuqarolarga onlayn (pandemiya sharoiti tufayli vaqtincha) muloqot tarzida yapon tilida N4 darajasidagi malaka, qariyalar boquvchisi va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha kasbiy malaka kurslari yo‘nalishlarida ta'lim berib kelmoqda. O‘quv jarayoni 2 semestrdan iborat bo‘lib, 6 oy davom etadi. Ushbu tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli bitirgan nomzodlar Yaponiyaning Nippon Akademiyasi institutining diplomi va Yaponiyada ishlash huquqini beruvchi "Maxsus malakali ishchi" xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritadilar.

Shuningdek, Markazda Yapon madaniyati va hayoti tarzi, Yaponiya immigratsiya qonunlari, kunchiqar mamlakatning qonun va tartib qoidalari, chet ellik fuqarolar foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar, korporativ odob-axloq va kasb etikasiga doir ko‘nikmalar ham o‘rgatiladi.

Markaz rahbari Dilafro‘z Ikromovaning aytishicha, markazning ta'lim dasturi Yaponiyaning Adliya vazirligi va tegishli ta'lim sifatini belgilovchi tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan MUDIE - (Multi-Dimensional Education- ko‘p qamrovli intensiv ta'lim) innovatsion multimediali zamonaviy metodikasiga asoslangan hamda 2020 yilning 1 dekabridan boshlab ushbu ta'lim dasturidan vakolatli foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan.

Dilafro‘z Ikromova

 “Bu ta'lim dasturining an'anaviy ta'lim dasturlaridan farqi shundaki, u o‘quvchining qanday yoshda bo‘lishidan qat'iy nazar chet tilini mukammal o‘rganishi uchun ichki motivatsiyasini kuchaytirib, darslarni o‘zlashtirish sifatini oshiradi, bilimini takomillashtiradi. 2021 yilda Yaponiyaning “Sanko Global Group”  kompaniyasining imtiyozli granti asosida 15 nafar yapon tili pedagoglarini MUDIE innovatsion multimediali ta'lim dasturi asosida o‘qitish uchun 3 oylik malaka kurslariga jo‘natish rejalashtirilgan”, - deydi markaz rahbari.

Bundan tashqari, bugungi kunda markazda 2 yo‘nalishda kasbga tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kelajakda kasbiy malaka kurslar turini yana 12 taga ko‘paytirish, shuningdek, Markaz filiallarini respublikaning barcha “Ishga marhamat” Monomarkazlarida tashkil etish rejalashtirilgan. 

Xullas, yapon tilini o‘rganishni va Yaponiyada ishlashni istaganlar “Yapon tili va kasbiy malaka” test markaziga tashrif buyurishlari mumkin.

Top