08:30 / 31.12.2020
4524

«Samarqandyo‘lko‘kalam» atrof-muhit musaffoligini ta'minlab, eroziyaning oldini olyapti

Foto: Samarqandyo‘lko‘kalam

Nurobod tumanining aksariyat qismi qir-adirdan iborat bo‘lgani uchun ham aholi manzarali va mevali daraxtlarni kam ekishadi. Katta yo‘l yoqasi ham ko‘kalamzorlashtirilganiga, manzarali daraxtlarga guvoh bo‘lavermaysiz.

«Samarqandyo‘lko‘kalam» unitar korxonasi ushbu hududda xayrli ishni boshladi. Xususan, Qashqadaryodan Samarqandga kirib kelaverishda Nurobodning yirik mahallalaridan biri «Jom» boshlanadi. Shu kunlarda ushbu mahalladan o‘tar ekansiz, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l yoqasida suvsizlikka chidamli manzarali daraxtlar ekilganini ko‘rishingiz mumkin.

«Katta yo‘l yoqasi ayniqsa, yozning issiq kunlarida xas-xashak va yovvoyi o‘tlarning o‘sib ketganidan fayzsiz bo‘lib ko‘rinardi. Qancha tozalashga, obodonlashtirishga harakat qilmaylik, yana eski holat takrorlanaverardi. Mana endi mahallamiz hududidan o‘tgan xalqaro yo‘l yoqasi obod bo‘ldi, minglab daraxtlar qishlog‘imizga ko‘rk berib turibdi. Ushbu daraxtlarning barchasi ko‘karib, amal olishida «Samarqandyo‘lko‘kalam» unitar korxonasiga yordam berishga tayyormiz» dedi «Jom» mahallasi raisi Baxtiyor Qilichev.

Xalqaro ahamiyatdagi A-378 «Samarqand-G‘uzor» avtomobil yo‘lining 58 km qismida laboratoriya xulosalariga asosan 2000 dan ortiq suvsizlikka chidamli manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi va ushbu ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi. Ushbu ko‘chatlar atrof-muhitning musaffoligini ta'minlash, global issiqlik muammosini kamaytirish, obodonlashtirish hamda avtomobil yo‘llarini eroziyadan himoya qilishda qo‘l keladi. Eng asosiysi, yo‘ldan foydalanuvchilarga qulay sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni transport vositalari tomonidan atrof-muhitga salbiy ta'sirini kamaytirishda va har xil tashlanmalardan ham himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir gap. Mazkur avtomobil yo‘lining 6 kmda joylashgan aylana transport yechimida milliy me'moriy landshaft dizaynini yaratish maqsadida «Samarqandyo‘lko‘kalam» unitar korxonasi tomonidan balandligi 14 metr, yon-atrofida tarixiy obidalarimizning kichraytirilgan nusxalari (Registon, Buxorodagi Ark qa'lasi, Amir Temur maqbarasi, Ko‘ksaroy va Shohi Zinda majmuasi) hamda Buyuk Ipak yo‘liga ishora qiluvchi 11 dona tuyalar karvonidan iborat majmua ham barpo etildi.

«Korxona tashkil topganiga qisqa vaqt bo‘lishiga qaramasdan, viloyat hududidagi avtomobil yo‘llar chetiga ekilgan daraxt va buta ko‘chatlari bo‘y cho‘zib, o‘z ko‘rkini namoyish qila boshladi. 2021 yil davomida Samarqand viloyati umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish maqsadida viloyat hokimligi rahbarligi bilan bahor mavsumda 17 000 dona manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlarini olib borish uchun dastlabki manzilli ro‘yxat shakllantirdik. Kuz mavsumida ekiladigan manzarali daraxt ko‘chatlari manzil ro‘yxatlarini shakllantirish ishlariga tayyorgarlik olib borilmoqda. Shunga asosan Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur, Past Darg‘om, Qo‘shrabot hamda Payariq tumanlari hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarining  yoqasida manzarali ko‘chatlar ekish ko‘zda tutilmoqda» deydi «Samarqandyo‘lko‘kalam» unitar korxonasi rahbari Aziz Rajabov.

Korxona tomonidan yoshlarni ish bilan ta'minlashga ham alohida e'tibor berilyapti. Hozirgi vaqtda ishchi-xodimlarning 37 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan  yoshlardan iborat. Xodimlar orasida «Temir daftar» ro‘yxatida turuvchi besh nafar ishchilar ham bor. Ularga korxona tomonidan doimiy ravishda moddiy yordam va ko‘mak berib kelinmoqda.

Mavzuga oid
Top