20:56 / 03.01.2021
14168

Davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar: Aksilkorrupsiya agentligi o‘z pozitsiyasini ma'lum qildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xaridlaridagi qarindosh-urug‘chilik fosh etilgan jamoatchilik surishtiruvlari ortidan katta bayonot e'lon qildi.

Bayonot «Sababni bartaraf etmasdan turib, oqibatlarga qarshi kurashib bo‘lmaydi» sarlavhasi ostida e'lon qilingan. Undan, agentlikning asosiy funksiyasi – korrupsiya holatlari aniqlanganda korrupsionerlarni jazolash emas, balki bunga olib kelayotgan sabablarni aniqlashdan iborat ekanini tushunish mumkin.

«So‘nggi paytlarda davlat xaridlari jarayonlaridagi qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi xabarlar goh u hududda, goh bu hududda sodir bo‘layotgani bo‘yicha ko‘plab xabarlar paydo bo‘lmoqda va ular haqli ravishda ommaviy muhokamalar mavzusiga aylanmoqda.

Yakunda esa ularning aksariyatida ma'lum bir normalar buzilgani aniqlangan bo‘lsa-da, javobgarlik belgilash, budjet mablag‘larini ortga qaytarish masalalari ochiq qolmoqda. Ularni jazolash kerak mazmunidagi gap-so‘zlar avjiga chiqayotgan pallada qonunbuzilishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish masalasi soyada qolib ketmoqda», – deyiladi bayonot avvalida.

Ta'kidlanishicha, bu kabi jinoyatlar 2020 yilda ko‘paygani yo‘q: ular oldingi yillarda ham bo‘lgan va bundan-da kattaroq holatlarda namoyon bo‘lgan. Ammo ularning aksariyati aniqlanmay qolib ketavergan. Davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot portalining ishga tushirilishi va u yerda zaruriy ma'lumotlarning ochiqlanishi natijasida barcha xarid jarayonlari to‘g‘risida aholi xabardor bo‘lmoqda.

«Bundan xulosa qilish mumkinki, ochiqlik, oshkoralik ta'minlansa, jazo muqarrar bo‘lsa, har bir fuqaroda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyati shakllantirilsa, jinoyatchilarning ortidan quvlab yurishga hojat qolmaydi. Hamma narsa jamiyat ko‘z o‘ngida va nazoratida bo‘ladi.

Ushbu jarayonlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining yetarli vakolatlarga ega emasligi, xususan, tergov va surishtiruv o‘tkazish imkoniyatining yo‘qligi kabi yana bir bahs-munozaralarga ham o‘ziga xos javob bo‘lmoqda. Ya'ni korrupsiya holati aniqlangani bilan uning oldini olish, jazo muqarrarligini ta'minlash, bu jarayonga aholini faol jalb etish masalalari hal etilmasa, har qancha kurashmang, har qancha huquqbuzarni ushlamang, natijaga erishib bo‘lmaydi. Qachonki, masalaga kompleks yondashilsagina biz ushbu sohadan ijobiy natija kutishimiz mumkin.

Shundan kelib chiqqan holda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Agentlikning asosiy vazifasi etib, mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni ta'minlash, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish kabilar belgilangan», – deya so‘z boradi agentlik axborotida.

Aksilkorrupsion tuzilma ushbu vazifalarni bajarishdagi ayrim vakolat va huquqlarini sanab o‘tgan:

  • davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o‘rganish;
  • korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma'muriy surishtiruvlar o‘tkazish;
  • jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini o‘rganish;
  • o‘rganish natijalari bo‘yicha faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko‘rish, jumladan, jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish uchun tegishli organlariga taqdim etish;
  • ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlari ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish;
  • davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ogohlantirishlar hamda taqdimnomalar kiritish shular jumlasidan.

Ta'kidlanishicha, agentlikda tergov vakolatining yo‘qligi agentlik mustaqilligi uchun xizmat qiladi.

«Boisi, agar agentlik tergov jarayonlarini amalga oshirsa, tergovni nazorat qilish funksiyasi bo‘lgan idoralar yoki sud oldida qaysidir ma'noda qaram bo‘lib qolishiga turtki bo‘ladi. Bu esa agentlikning o‘z vakolatlaridan to‘liq foydalanishiga jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o‘rganish vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qiladi», – deydi agentlik.

Ammo ta'kidlash kerakki, «O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasida, agentlikka yirik korrupsion holatlar yuzasidan tergov o‘tkazish vakolatini berish ko‘zda tutilgan edi.

Bayonot davomida aytilishicha, xalqaro nodavlat tashkilotlar hamda ekspertlar tomonidan ham korrupsiyaga qarshi kurashish uchun eng samarali vositalar sifatida ochiqlik va oshkoralik, jamoatchilik nazorati, davlat xizmatchilarining odob-axloq kodekslari kabilar qayd etiladi.

«Shu boisdan, dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tuzilmalarining asosiy vazifasi etib korrupsiyaga shart-sharoit yaratuvchi omillarni o‘rganish, monitoring va tahlil, milliy strategiyalarni ishlab chiqish va bu borada umumiy faoliyatni muvofiqlashtirib borish belgilangan. Mazkur tusdagi tuzilmalar Fransiya, Sloveniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda mavjud. Ahamiyatlisi, ushbu mamlakatlar so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli o‘sishga erishishgan», – deya qayd etilgan rasmiy bildirishda.

KQKAning pozitsiyasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi aniqlangan korrupsiyaviy jinoyatlarning soni bilan emas, balki fuqarolarda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, uni qabul qilmaslik muhitini shakllantirish bilan baholanishi maqsadga muvofiq.

«Agentlikning mamlakatimizdagi boshqa korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralardan asosiy farqi ham shunda. Ya'ni ularning faoliyati qancha ko‘p korrupsion jinoyatni aniqlaganiga qarab baholansa, Agentlik faoliyati korrupsion jinoyatlarning qanchaga kamaygani bilan baholanadi.

Albatta, bunga erishish oson emas. O‘zi korrupsiyaga qarshi kurashish hech qachon oson bo‘lmagan. Uni mag‘lub etishning aniq formulalari ham mavjud emas. Har bir davlat o‘zidagi holatga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, uni davolasagina natijaga erishadi. Tashxis xato qo‘yilishi, yoki yaxshi ishlamayotgan organni kesib tashlash bilan bu illatni davolab bo‘lmaydi.

Asosiysi, bugun jamiyatimizda uyg‘onayotgan korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini, jurnalist va blogerlardagi korrupsiyaga qarshi jangovar ruhni, davlat idoralari va mansabdor shaxslaridagi korrupsiya mamlakat kelajagiga g‘ov sifatida qarashni yanada kuchaytirish lozim.

Bugun korrupsiyaga hamma qarshi, uni yo‘qotish kerakligini, u bilan mamlakat rivojlana olmasligini eng yuqori minbardagilardan tortib, aholimizning katta qismi, ziyoli qatlam, ommaviy axborot vositalari vakillari tushunib yetdi. Endi yagona vazifa barcha harakatlarni birlashtirish va dushmanga qarshi birgalikda kurashish lozim.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida mazkur jarayonlarda barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish, muvofiqlashtirib borish, strategik yo‘nalishlarni belgilash uchun vakolat ham, qat'iyat ham mavjud», – deya yakunlangan Aksilkorrupsiya agentligi bayonoti.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida Telegram'dagi «davletovuz» blogida Andijon, Jizzax va Xorazm viloyatlarida milliardlab davlat xaridlari qarindosh-urug‘lar o‘rtasida taqsimlab olinayotgani, davlat buyurtmasi uchun tender o‘tkazuvchi ham, unda g‘olib chiqqanlar ham aynan bir shaxs ekani haqida surishtiruvlar e'lon qilingan edi.

Bu surishtiruvlarga jiddiy reaksiya bo‘lmadi, ma'lum bo‘lib qolgan faktlar hozirga qadar biror huquqiy oqibatni keltirib chiqarmadi. Aksilkorrupsiya agentligi bu holatlar bo‘yicha surishtiruv boshlaganini bildirgan edi, hozircha buning natijasi ma'lum emas.

Mavzuga doir:

Top