21:20 / 03.01.2021
9777

Messi va Saloh beshlikdan tashqarida. 2020 yilning eng sermahsul 10 futbolchisi

2020 yil futbolda koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan uzoq tanaffus bilan yodda qoldi. Shunga qaramay, mavsumning majburiy to‘xtalishlari superto‘purarlarni to‘xtata olgani yo‘q. Quyida 2020 yilning eng yaxshi goleadorlari o‘nligi bilan tanishing.

10. Patson Daka
Klubi: «Red Bull Zalsburg»
Natijasi: 36 o‘yin, 25 gol

Foto: Adam Pretty/Getty Images

Yilning eng sermahsul futbolchilari o‘nligini Avstriyaning «Red Bull Zalsburg» hujumchisi Patson Daka ochib bergan. Zambiyalik 22 yoshli forvard «Borussiya» Dortmundga yo‘l olgan Erling Holandga munosib o‘rinbosar bo‘la oldi. Yosh hujumchi 2020 yilda maydondagi har 95 daqiqada gol urgan.

Oktyabr oyida ushbu futbolchiga «Manchester Siti» qiziqish bildirgandi. «Shaharliklar» jamoani yozda tark etishi kutilayotgan Serxio Agueroga o‘rinbosar sifatida aynan Dakaga e'tibor qaratgan. Transfermarkt portali afrikalik goleadorni 20 million yevroga baholagan bo‘lsa-da, «RB Zalsburg» yosh to‘purari uchun ko‘proq so‘rashi aniq.

9. Lionel Messi
Klubi: «Barselona»
Natijasi: 44 o‘yin, 26 gol

Goleadorlar orasida doim yetakchi o‘rinlarda ko‘rib o‘rganganimiz Lionel Messi uchun 2020 yil juda og‘ir va asabiy o‘tdi. U «Barsa» safida Chempionlar ligasi chorakfinalida «Bavariya»dan sharmandali 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lib turnirni tark etdi, La Ligada esa chempionlik «Real»ga topshirildi. Messining samaradorligi ham pasayib ketdi. 33 yoshli argentinalik o‘yindan 18ta, penaltidan esa 8ta gol urib, jami 26ta gol bilan yil goleadorlari o‘nligidan joy oldi.

«Barsa» sardori har bir goli uchun o‘rtacha 151 daqiqa sarflagan. Shunga qaramay, argentinalik forvard bir klubda urilgan gollar soni bo‘yicha futbol qiroli Pelening rekordini yangilashga muyassar bo‘ldi. Messi «Valyadolid»ga qarshi safar o‘yinida kataloniyaliklar safidagi 644-golini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.

8. Muhammad Saloh
Klubi: «Liverpul»
Natijasi: 44 o‘yin, 26 gol

Misrlik to‘purar uchun mavsumning birinchi qismi samarador o‘tdi, deyish qiyin. U yanvar oyidan iyungacha 8ta golga mualliflik qilgandi. Ammo «Liverpul» bilan uzoq kutilgan chempionlik nishonlangach, 2020 yilning ikkinchi qismida yaxshi tezlik oldi – Saloh hozirga kelib APLdagi 14 o‘yinda 13ta gol urishga erishdi. Yaqinda Britaniyaning Mirror nashri Muhammad Salohni o‘z talqiniga ko‘ra, APLning 2020 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topdi.

7. Kilian Mbappe
Klubi: «PSJ»
Natijasi: 36 o‘yin, 26 gol

Foto: Xavier Laine/Getty Images

Fransiyalik yosh forvard 2020 yilda Chempionlar ligasi g‘olibligiga juda ham yaqin kelgandi, ammo «PSJ» finalda «Bavariya»ga kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Yil yakunida esa Parij klubi bosh murabbiyi Tomas Tuxel iste'foga chiqarildi.

Dekabr oyi boshida Mbappe «Istanbul» darvozasiga Chempionlar ligasidagi 20-golini yo‘llab, bu natijaga 21 yosh-u, 11 oyda erishib, Messiga tegishli rekordni yangilagandi. Shu tariqa, Kilian bunday natijani qayd etgan eng yosh futbolchiga aylandi. Mbappega xaridor bo‘lgan Yevropaning grand klublari har narsaga tayyor bo‘lsa-da, futbolchi «PSJ»ni tark etish masalasida ota-onasining fikri uning uchun muhim bo‘lishini aytib o‘tdi.

6. Brunu Fernandesh
Klubi: «Manchester Yunayted»
Natijasi: 50 o‘yin, 28 gol

Bir yil avval «Sporting»dan «MYu» safiga kelib qo‘shilgan portugaliyalik futbolchi yangi jamoasiga tezda moslashib, klubida yaqqol yetakchiga ham aylanishga ulgurdi. Fernandesh «qizil iblislar» libosida APLning 29 o‘yinida o‘z hisobiga 18ta gol va 14ta golli uzatmani yozib qo‘ydi. Bu esa Brunu jamoasining har o‘yindagi o‘rtacha bitta goliga ishtirok etayotganini anglatdi.

Brununing o‘yini hattoki «MYu» afsonalaridan biri Pol Skoulzning ham e'tirofiga sazovor bo‘ldi. «Brunu «MYu»ga kelganidan buyon klub qariyb «Liverpul»dek ochko jamg‘arishga erishdi. Fernandeshning statistikasi shunchaki aqlbovar qilmas darajada. U o‘yin borasida mendan farq qilsa-da, uni o‘zimdan zo‘rroq o‘yinchi deb bilaman. Brunu mendan ko‘proq gol urmoqda, ko‘proq vaziyatlar yaratmoqda. U bilan yonma-yon o‘ynashni istagan bo‘lardim, Fernandesh ajoyib futbolchi», deydi Skoulz.

5. Erling Holand
Klubi: «Borussiya» Dortmund
Natijasi: 32 o‘yin, 33 gol

Foto: Alex Gotschalk/DeFodi Images via Getty Images

Norvegiyalik hujumchi «Borussiya» o‘yiniga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos keldi – 2020 yil Holand uchun kutilganidan ham muvaffaqiyatliroq o‘tdi. Noyabr oyida norvegiyalik iqtidor Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida Golden Boy sovriniga loyiq topildi. Erling hozirgi marrada to‘xtab qolmoqchi emas. U Chempionlar ligasi g‘olibligi va «Oltin to‘p»ni orzu qilishi haqida aytib o‘tdi. Dortmundliklar yetakchisi jarohatidan tuzalib, tez orada maydonga qaytishga tayyor bo‘ladi.

4. Chiro Immobile
Klubi: «Latsio»
Natijasi: 39 o‘yin, 34 gol

O‘tgan yilning avgust oyida italiyalik goleador Robert Levandovski va Krishtianu Ronalduni ortda qoldirib, «Oltin butsa»ga ega chiqdi. Chiro 2019/20 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, 36ta gol bilan Yevropaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. Joriy mavsumda esa Immobilening natijasi biroz pasaygan. A Seriyada 13 o‘yinda 10ta gol urgan «Latsio» hujumchisi to‘purarlar poygasida 12tadan gol urgan Ronaldu va Lukakudan ortda qolmoqda, bir oydan buyon jarohat tufayli maydonga tusha olmayotgan Ibrahimovichda ham 10ta gol. Darvoqe, Chiro Zlatandan o‘rnak olib, hali uzoq vaqt futbol o‘ynamoqchi ekanligini ma'lum qildi.

3. Romelu Lukaku
Klubi: «Inter»
Natijasi: 47 o‘yin, 35 gol

 

Foto: Stefano Guidi/Getty Images

«Manchester Yunayted»ni tark etgan belgiyalik forvard nihoyat o‘z jamoasini topdi. Romelu 2020 yilda «Inter»da o‘zini ko‘rsata oldi va har 107 daqiqada o‘z nomini tabloga yozdirdi. 27 yoshli forvard yaqinda o‘zini jahonning eng kuchli besh forvardidan biri deb atadi. «Hujumchilarni 1-5-o‘rinlarga qo‘yib chiqishni istamasdim, ammo o‘zimni eng kuchli 5 forvard orasiga kiritaman. Mourino jamoaviy o‘yinga yaxshiroq moslashishimga yordam bergandi. Mourinoning hozirda Harri Keyn bilan qanday natijaga erishayotganiga nazar tashlang», deydi Lukaku.

2. Krishtianu Ronaldu
Klubi: «Yuventus»
Natijasi: 39 o‘yin, 41 gol

35 yoshiga qaramay portugaliyalik forvard hali hamon ajoyib sport formasida. Ronaldu 10 o‘yinda 12ta gol urib, A Seriyada to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda. Bir necha kun avval Krishtianu Globe Soccer Awards talqiniga ko‘ra XXI asrning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. «Yuve» goleadori o‘zini yaxshi his qilayotgani va yana bir necha mavsum to‘p surishi haqida aytib o‘tgandi.

«Hali yana ko‘p yillar davomida to‘p surishda davom etmoqchiman. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Senda motivatsiya kuchli bo‘lsa, necha yoshdaliging muhim emas. Oldinda yorqin kelajakni kutyapman va bundan juda ham xursandman», deydi Ronaldu.

1. Robert Levandovski
Klubi: «Bavariya»
Natijasi: 39 o‘yin, 45 gol

«Bavariya»ning polshalik forvardi 2020 yilning eng sermahsul futbolchisiga aylandi. Natijada, Levandovski FIFA tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shuningdek, yana bir qator nashrlar Robertni yil laureati sifatida e'lon qilgan bo‘lsa, sport jurnalistlari xalqaro assotsiatsiyasi futbolchini «yil sportchisi» nomiga munosib ko‘rdi. Levandovski so‘rovnomada «Formula-1» poygachisi Lyuis Hemilton va tennischi Rafael Nadal singari ajoyib sportchilarni ortda qoldira oldi. Umuman olganda, yakunlangan yil Levandovski faoliyatidagi eng muvaffaqiyatlisi sifatida yodda qoldi.

Top