00:57 / 05.01.2021
20730

Demokratlar Trampga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishini talab qilishmoqda

Foto: Reuters

AQSh kongressi vakillar palatasi a'zolari, demokratlar Ted Lyu va Ketlin Rays Federal qidiruvlar byurosidan AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishini so‘rashmoqda. Bunga esa Trampning Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffenspergerga qo‘ng‘irog‘i sabab hisoblanadi. 

NBC News telekanalining xabar berishicha, demokratlar bu talab bildirilgan maktubni FQB direktori Kristofer Reyga yo‘llashgan.

“Kongress a'zolari va sobiq prokurorlar sifatida biz Donald Tramp saylovlar bilan bog‘liq bir qator jinoyatlarni sodir etish maqsadida til biriktirishda yoki gijgijlashda ishtirok etgan, deb hisoblaymiz”, deyilgan demokratlar maktubida.

Avvalroq OAVda Tramp Jorjiya davlat kotibi Bred Raffenspergerni shtatda prezident saylovlaridagi ovozlarni o‘zining foydasiga qayta hisoblashga chaqirgani haqida axborot paydo bo‘lgandi.

3 noyabrda o‘tgan AQSh prezidenti saylovlarida demokrat Jo Bayden g‘alaba qozongandi. Amaldagi prezident Donald Tramp esa o‘z mag‘lubiyatini tan olmayapti va bir qator shtatlarda ovozlar qayta hisoblanishi talabi bilan sudlarga murojaat qilgan.

Top