09:00 / 06.01.2021
8436

Xayriya natijasi: “O‘g‘limning ilk operatsiyasini o‘tkazdik, ayolim davolanmoqda”

Yaqinda xayriya bo‘yicha murojaati e'lon qilingan yakkabog‘lik Abdumalik Jumanazarov tahririyatimizga yaxshi kayfiyatda kirib keldi. Uning kenja o‘g‘li Abubakr Berdinazarov tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan, shuningdek, ayolining umurtqa pog‘onasida murakkab operatsiya o‘tkazilishi kerak edi.

O‘n oylik Abubakr tug‘ma nuqson – yuqori tanglay va lab yorig‘i bilan tug‘ilgan. Labidagi kemtik tufayli o‘pka shamollashi va asorat sifatida tutqanoqni boshdan kechirgan. Bola tuzalib ketishi uchun uch bosqichda operatsiyani boshdan o‘tkazishi kerak edi.

 Abubakrning otasi Abdumalik Jumanazarov o‘tkazilgan xayriya va dastlabki bosqich operatsiya haqida so‘zlab berdi:

– Kun.uz’da o‘tkazilgan xayriya aksiyasidan keyin juda ko‘pchilik moddiy yordam berishdi, kelib uchrashib ketganlar ham bo‘ldi. Toshkent pediatriya institutidagi jarrohlar ham holimizdan xabar topib ilk operatsiyani to‘lovlarsiz amalga oshirib berishdi. Ayolimning dardi og‘irroq bo‘lgani uchun hozir dastlabki operatsiyaga tayyorlanmoqda, muolajalarni olyapti. Menga yordam berganlarga va shifokorlarga katta minnatdorlik bildiraman, Alloh ulardan rozi bo‘lsin.

Fursatdan foydalanib bolalari mening o‘g‘lim kabi bemor bo‘lgan ota-onalarga aytar so‘zlarim bor edi. Bolalarda bunday kasallik kuzatilsa, zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilish zarur ekan. Vaqtida qilingan operatsiyalar bolalarning butunlay sog‘ayib ketishiga yordam beradi, – dedi Abdumalik.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top