08:29 / 07.01.2021
6699

Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi ma'lum bo‘ldi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Xalq ta'limi vazirligining “Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom”ni tasdiqlash haqida qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, ta'lim muassasalariga o‘qituvchilarni qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish maqsadida ta'lim muassasasi direktorining buyrug‘i bilan tanlov komissiyasi tuziladi. Tanlov komissiyasi tarkibi 5 nafardan kam bo‘lmagan toq miqdorda tashkil etilib, uning tarkibiga mazkur ta'lim muassasasi direktori, o‘rinbosarlari, kadrlar bo‘yicha menejyeri, o‘qituvchilar va tegishliligi bo‘yicha ta'lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi vakillari kiritiladi.

Tanlov bo‘sh (vakant) bo‘lgan o‘qituvchi lavozimlariga e'lon qilinadi. Homilador ayollar, shuningdek, uch yoshgacha bolalari bo‘lgan ayollar egallab turgan lavozimlarga tanlov e'lon qilinmaydi.

Ta'lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga soatbay haq to‘lash shartlarida ishga kirayotgan shaxslar tanlovsiz lavozim majburiyatlari talablariga asoslanib, belgilangan tartibda qabul qilinadi.
 
Ta'lim muassasasi tomonidan tanlov bo‘sh vakant lavozim mavjud bo‘lgan kundan boshlab 15 kun ichida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek ta'lim muassasasi va ta'lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruv organi rasmiy veb-saytida (agar mavjud bo‘lsa) e'lon qilinadi. E'londa bo‘sh vakant lavozimlariga ishtirokchilar uchun kerakli hujjatlar ro‘yxati va malaka talablari ko‘rsatiladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlarni qabul qilish e'lon berilgan kundan boshlanadi va 30 kun davom etadi. Tanlov ishtirokchilaridan hujjatlarni qabul qilish muddati tugaganda ishtirokchilarning soni 1 nafardan oshmasa, tanlov o‘tkazilmaydi va tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e'lon qaytadan beriladi. 

Tanlovda qatnashish uchun ishtirokchilar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • tanlovda ishtirok etish uchun to‘ldirilgan ariza;
  • pasport nusxasi;
  • oliy ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;
  • mehnat daftarchasining nusxasi.

Ishtirokchilardan mazkur nizom va qonunchilikda ko‘rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Ta'lim muassasasida o‘qituvchilar tanlovini o‘tkazish bo‘yicha savollar majmui (test savollari va suhbat savollari) va baholash mezonlari har bir o‘qituvchi mutaxassisligi bo‘yicha alohida Xalq ta'limi vazirligi va Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Tanlov quyidagi uch bosqichda o‘tkaziladi:

  • saralash bosqichi;
  • test sinovi;
  • suhbat.
Top