17:59 / 07.01.2021
4653

Koronavirus sababli Tokioda favqulodda holat rejimi joriy etildi

Favqulodda holat rejimi 8 yanvardan 7 fevralgacha davom etadi.

Foto: Reuters

Koronavirus yuqtirish holatlari ko‘payganligi sababli Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga Tokio va uning atrofidagi shaharlarda favqulodda holat rejimini joriy etdi.

 Kyodo News nashrining xabar berishicha, poytaxtda o‘tgan sutkada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 2447ta yangi holat qayd etilgan. Bu avvalgi antirekorddan 800taga ko‘pdir.

 Xabar qilinishicha, favqulodda holat rejimi 8 yanvardan 7 fevralgacha davom etadi.

Tokio aholisidan bu vaqt davomida uyda qolish va buyumlarni internet orqali sotib olish so‘ralmoqda. Restoran va barlar kech soat sakkizgacha ishlaydi. Do‘konlar, ko‘ngilochar va sport maskanlarining ish vaqti ham qisqartiriladi. Kompaniyalarga masofadan ishlashga o‘tish tavsiya qilinmoqda.  

Maktablar faoliyat ko‘rsatishda davom etadi. Universitetlarda ham imtihonlar bekor qilinmagan.

Cheklovlarga amal qilmaganlar jarimaga tortilmaydi, balki omma oldida izza qilinadi, deb yozmoqda Kyodo. Hukumatning barcha talablariga rioya qilgan umumiy ovqatlanish muassasalariga sutkasiga 40 ming iyendan (390 dollar) 60 ming iyengacha kompensatsiya to‘lanadi.

O‘tgan sutkada Yaponiya bo‘yicha 6004 nafar bemor aniqlangan. Mamlakatda pandemiyaning uchinchi to‘lqini boshlangan deb hisoblanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top