18:30 / 08.01.2021
6176

Bog‘cha pedagoglarining qanchasi oliy ma'lumotli ekani ma'lum qilindi

O‘zbekistondagi bog‘chalarda ishlayotgan 116 ming pedagogning 29 foizi – 34 ming nafari oliy ma'lumotga ega.

Foto: O‘zA

Maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Qahramon Olimov bog‘chalardagi kadrlarning malakasi haqida ma'lumot berdi.

«Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 116 ming nafar pedagog faoliyat ko‘rsatadi. Shulardan faqatgina 34 ming nafari oliy ma'lumotli.

Bundan tashqari, olib borgan o‘rganishlarimiz o‘rta ma'lumotli tarbiyachilarning kasbiy kompetensiyasi yetarli darajada emasligini ko‘rsatdi.

Shu bois tizimdagi kadrlarning umumiy sonida oliy ma'lumotlilar salmog‘ini oshirishga harakat qilinmoqda. Buning uchun OTMlarning mazkur yo‘nalishlarida qabul kvotalarini oshirish va turdosh yo‘nalishda tahsil olganlarni qayta tayyorlash orqali sohaga jalb qilish rejalashtirilgan», – dedi Qahramon Olimov 8 yanvar kungi brifingda.

Brifing davomida bildirilishicha, Surxondaryo, Qashqadaryo, Andijon, Toshkent viloyatlarida bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lib qolmoqda. 2021 yilda shu viloyatlarga alohida e'tibor berish ko‘zda tutilgan.

Vazir o‘rinbosari 2021 yilda tizimda kutilayotgan o‘zgarishlarga to‘xtaldi.

«2020 yil yakuni bo‘yicha maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 60 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkichni 2021 yil oxirigacha 65 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar 225ta MTTda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. 2000dan ortiq oilaviy, 40ta davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

6 yoshli bolalarning 560 ming nafari, ya'ni 82 foizini maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Jahon banki va YUNISEF bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun uyda maktabgacha ta'lim xizmatini ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi», – deya Olimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top