13:14 / 08.01.2021
20967

«Hukumat yangi marralarni ko‘zlashi kerak» - Navbahor Imomova O‘zbekistondagi so‘z erkinligi haqida

O‘zbekiston 2016 yildan keyingi davr ichida so‘z va matbuot erkinligi borasida sezilarli ijobiy natijalarga erishdi. Shunga qaramay, bu sohada hali qilinadigan ishlar juda ko‘p va erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolish yangi marralarni zabt etishga imkon bermaydi.

Kun.uz muxbiri bir necha yildan buyon AQShning «Amerika ovozi» media kompaniyasida faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbek jurnalisti Navbahor Imomova bilan so‘z erkinligi mavzusida suhbatlashdi.

Pandemiya davrida jurnalistika va so‘z erkinligi

— Dunyo jurnalistikasi, shu jumladan O‘zbekiston pandemiya davrida o‘ziga xos sinovga duch keldi. Ular cheklangan muhitda qanday ishlay olishlari borasida sinovdan o‘tdi. Hukumatlar pandemiya munosabati bilan siyosiy cheklovlar ham joriy etdi.

Aytishim mumkinki, bu davrda Markaziy Osiyoda OAVni eng ko‘p nazorat qilgan davlat Qirg‘iziston bo‘ldi. U yerda jurnalistlar ko‘plab tadbirlarni virtual tarzda kuzatishga majbur bo‘lishdi. Ammo O‘zbekistonda buning aksini ko‘rdik. Muayyan OAV tadbirlarni yoritdi. Bunga imkon berildi.

Barcha davlatlar, so‘z va matbuot erkinligi, nima degan narsani qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keldi. Chunki jurnalistlar ko‘proq odamlar ichida yurishi kerak. Ma'lum bir jarayon ichida bo‘lishi lozim. Pandemiya davrida jurnalist ham uyidan efirga chiqishiga to‘g‘ri keldi.

Bunday pallada narigi tomon, ya'ni hukumatning axborot olish imkoniyatingizni to‘sish bobida qudrati oshdi. Balki ko‘plab rasmiylar orzu qilgan imkon paydo bo‘ldi. Kimga nima ma'lumotni qancha miqdorda berishni bemalol belgilay oldi. Jurnalistlar esa, boriga shukr qilishi kerak bo‘ldi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida hukumat qanday ishni amalga oshirmasin, ularning foydasiga bo‘ldi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar ochildi. Vaholanki, oldinroq, boshqa muammoli mavzularda ham shu ishlarni qilsa bo‘lardi.

Boshqa tomondan, jurnalistlar ham hukumatga yanada ko‘proq tanqidiy ko‘z bilan qaray boshladi. AQShdan tortib, O‘zbekistongacha jurnalistlar hukumat pandemiya davrida ishni eplay olmayapti, degan pozitsiyada yondashdi. Jumladan, Amerikada may oyi o‘rtalarigacha koronavirus tahdidiga hukumat e'tibor bermadi. Biroq keyin shoshilinch tarzda keskin choralar ko‘ra boshladi.

«Hamon uydan ishlayapmiz...»

— To‘g‘risini aytganda, pandemiyaga, karantin sharoitida ishlashga hech kim tayyor emasdi, hatto jurnalistlar ham. Biz bir necha kun uydan ishlab, keyin yana hayot o‘z iziga tushib ketishiga ishongandik. Ammo biz hamon uydan ishlamoqdamiz. Ya'ni matbuot erkinligi darajasi ham shunga yarasha bo‘ldi.

Qolaversa, pandemiya sharoitida jurnalistlar shunchalik ishlay olar ekan, shunisiga ham shukr, degan yondashuv ham bor edi.

Albatta, pandemiya bois dunyodagi ruhiy bosim jurnalistlarga ham ta'sir qildi. Bizning ham asosiy vazifamiz, sog‘lom turish bo‘ldi. Biz ham barcha qatori hayotimiz uchun kurashdik. Ya'ni koronavirus OAVga har tomonlama ta'sir qildi, degan bo‘lardim. Men hali reklama bozoridagi qiyinchiliklar, qancha-qancha jurnalistlar ishlarini yo‘qotganlari haqida gapirayotganim yo‘q. Lekin O‘zbekistonda men muloqot qilib turgan hamkasblarimdan bilishimcha, bu yerda jurnalistlar ishdan bo‘shatilmagan. Hatto ayrimlari ish o‘rnini yo‘qotmaslik uchun bepul ishlagan holatlar kuzatildi. Bu esa mardlik va jasorat talab qiladigan narsa.

O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi

— Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanganiga 4 yil bo‘ldi. Saylovlardan so‘ng islohotlar e'lon qilindi, O‘zbekiston dunyoga va ichki siyosatda ochiq bo‘lishi aytildi hamda hukumat buni isbotlashga urina boshladi. Ya'ni nisbiy o‘zgarishlar amalga oshirila boshlangani dunyo hamjamiyati tomonidan olqishlandi.

Ta'kidlash kerak, har qanday ijobiy o‘zgarishlar to‘xtab qolmasligi, aksincha davom etishi kerak. O‘zbekistonda esa, ilgaridan bir narsa kuzatiladi, bu yerda islohotlar jarayonida boshlang‘ich nuqta bor va marra bor. Negadir hamma marra haqida o‘ylaydi, bir amallab unga yetib olish va tantana qilish, yutuq sifatida baholash. Lekin jarayonga e'tibor juda ham past. Matbuot erkinligi borasida berilgan va'dalarda ham biz cho‘qqiga yetish haqida o‘yladik, biroq unga qanday qilib erishish haqida o‘ylamadik.

Boshqa tomondan, matbuot erkinligi borasida so‘nggi 4 yilda erishilgan natijalarga biz o‘zimiz loyiqmiz, bundan ortig‘iga emas, degan xulosalar ham bor. Chunki barchasi nisbiy bo‘ldi. Bu davrda eng quvonarlisi, o‘zbek tilida sifatli axborot beruvchi OAV sonining ko‘paygani bo‘ldi. Chunki 2017 yilgacha O‘zbekiston haqida biror sifatli axborot olish uchun rus yoki ingliz tilidagi manbaga murojaat qilishga to‘g‘ri kelar edi va bu aslida uyat edi.

Hozirda O‘zbekistondagi mediamakon o‘zbek tilidagi sifatli kontent bilan boyidi va kengaydi.

«Erishilgan natijalarni saqlab qolish va kuchaytirish – galdagi vazifa»

— Endilikda albatta bu OAVning hozirgi darajasini saqlab qolish, ular erishgan yutuqlarni mustahkamlash va ushbu natija ustiga qurish. O‘tgan 4 yil poydevor vazifasini o‘tadi. O‘zbekistondagi axborot kun tartibini ozmi-ko‘pmi bevosita OAV belgilay boshladi.

AOKA va ayrim OAV o‘rtasidagi debat, bu professional tortishuvni kuzatar ekanman, nazarimda, siz jurnalistlar: «Jurnalistika nima ekanini o‘rgatadigan agentlik emas, buni biz belgilaymiz; bizning ham o‘z me'yorlarimiz bor, professional mas'uliyatimizni o‘rganmoqdamiz; bizdan har tomonlama mukammal mahsulot kutish noto‘g‘ri, chunki qozonda bori cho‘michga chiqadi, birdaniga boshimizga urmang, aksincha, o‘z ishingiz bilan shug‘ullaning, litsenziya berasizmi, bering, muvofiqlashtirasizmi, muvofiqlashtirish bilan shug‘ullaning», demoqchisizlar.

OAV faoliyatini nazorat qiluvchi organ haqida

— Akmal Saidovning so‘zlariga o‘sha paytda ham fikrimni bildirgandim. Uning bayonotidagi «keyword», ya'ni urg‘u beriladigan so‘z bu – nazorat. O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, nazorat qachonki tartibga solish ma'nosida aytiladigan bo‘lsagina o‘rinli bo‘ladi. Ya'ni OAV faoliyatini qanday yo‘lga qo‘yadi, qancha soliq to‘laydi, xodimlar qonunlarni hurmat qilishi, qonun doirasida ishlashi kerak – bularning barchasi litsenziya bilan bog‘liq narsalar. Bunday organlar barcha davlatda bor.

Ammo, nazorat deganda senzura, cheklov, O‘zbekistonning azaliy odatidek, biz aytamiz jurnalistika nima ekanini, biz belgilaymiz erkinlik me'yorlarini va qoidalarini, doimiy ravishda sizga qizil chiziqlarni eslatib turamiz, ma'nosida aytilayotgan bo‘lsa, bu asossiz.

Chunki ko‘plab davlatlarda qonunan bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Misol uchun, bu borada AQShda oltin qonunlar bor. «Amerika ovozi» Kongressdan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ olsa-da, bizni boshqaruvchi agentlik hukumatdan mablag‘ olsa-da, bizning faoliyatimizga aralasha olmaydi. Bu narsalar qonun bilan belgilab qo‘yilgan.

«E'tiroflardan quloq og‘rimoqda»

— O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq hozirgi holat, ochig‘ini aytganda men kabi jurnalistlarga umid beradi. Birinchidan, jurnalistlarning o‘zi uchun kurasha boshlagani tahsinga sazovor. Ularning orasida birdamlik bo‘lishi suv-havodek zarur. Qolaversa, OAV bir-biriga raqib bo‘lsa-da, bir-birini (zarur paytlarda) ruhan qo‘llab-quvvatlayapti. Kim nimani his qilayotganini bilayapsiz, o‘quvchilaringizga vaziyatdan norozi ekaningizni ham eslatib turibsiz.

Albatta, hukumat a'zolari aynan shuni «Mana shu – taraqqiyot, yana nima xohlaysiz?» deyishi mumkin. Oldin bunaqa emasdi. Lekin ba'zan shunday e'tiroflardan ham quloq og‘riy boshladi. Ammo bugungi kunda eskirdi bu e'tirof, chunki bunday olqish 2–3 yil avval ahamiyatliroq edi.

Axir O‘zbekiston bir joyda to‘xtab qolishni istamaydi-ku, to‘g‘rimi, shunday ekan, hukumat yangi marralarni ko‘zlab harakat qilishi kerak.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Top