13:36 / 08.01.2021
10406

Karantin va pandemiya paytida xodimlarni ishdan bo‘shatishdan himoyalash bo‘yicha qator choralar qabul qilinishi kutilyapti

Kasaba uyushmalari federatsiyasi apparatining bo‘limlari joylardan olingan takliflar hamda qonunchilikdagi yangiliklar asosida 2021 yil uchun jamoa shartnomasining umumiy maketini ishlab chiqdi. Bu haqda federatsiyaning Mehnatkashlar ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi xabar berdi.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, maketga prezidentining farmonlari va qarorlari asosida “Koronavirus yoki boshqa yuqumli kasalliklar tufayli joriy qilingan karantin choralari davrida xodimlarga beriladigan imtiyoz va kafolatlar” deb nomlangan yangi bo‘linma kiritildi.

Unda:

  • koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanishi;
  • vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanishi;
  • karantinga oid choralar amal qilishi davrida ish beruvchi xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga o‘tkazishi lozimligi va boshqa kafolatlar ko‘zda tutilgan.

Maketda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etish mezonlari “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun normalariga moslashtirildi.

Ish haqi masalasida avtotransport haydovchilari mehnatiga haq to‘lash “Avtomobil transporti haydovchilari mehnatiga haq to‘lashning umumiy shartlari to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq amalga oshirilishi tavsiya etildi.

Prezidentning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida maketga quyidagi me'yorlar ham kiritildi:

  • jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun yetarli moddiy va boshqa sharoitlar yaratib berish (maxsus sport xonalarini ajratish) hamda mehnat jamoasida “xodimlar gimnastikasi” va “sport daqiqalari”ni joriy etish;
  • texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlarga “xodimlar gimnastikasi” mashqlarini bajarishi uchun hamda ish vaqtiga kiritiladigan “sport daqiqalari” uchun maxsus tanaffuslarni belgilash;
  • sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilashni yo‘lga qo‘yish;
  • ish vaqtidan so‘ng tanlangan kunlarda (haftada kamida bir marta) rahbar va barcha xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug‘ullanishini tashkil qilish.

Yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar va kafolatlar qatoriga:

  • mehnat jarayonida yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan, kasaba uyushmalarida faol va shijoatli yoshlarni rag‘batlantirish;
  • yosh xodimlarni madaniy-ma'rifiy tadbirlar, kasb mahorati bo‘yicha tanlovlarda faol ishtirok etishini ta'minlash masalalari kiritildi.
  • 2021 yil uchun jamoa shartnomasi umumiy maketining to‘liq matni Kasaba uyushmalar federatsiyasi portalida joylashtirilgan.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top