19:54 / 08.01.2021
33723

SSV bepul sanatoriy-kurort yo‘llanmalari kimlarga va qay tartibda berilishi to‘g‘risida ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Bahodir Karimov SSV matbuot xizmati bilan suhbatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga vazirlik tasarrufida bo‘lgan sanatoriy-kurort xizmatidan bepul foydalanish uchun yo‘llanmalarning berilish tartibi to‘g‘risidagi savollarga javob berdi.

— Nogironlar va keksalarni vazirlik tasarrufidagi sanatoriy-kurort yo‘llanmalari bilan bepul ta'minlash tuman va shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu'balari orqali amalga oshiriladi. Sanatoriy yo‘llanmalari har yili navbat asosida quyidagi shaxslarga beriladi:

  • urush nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar; 
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan, shuningdek Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar; 
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘taganlar; 
  • shuningdek, yolg‘iz keksalarga sanatoriy yo‘llanmalari beriladi.

Ikki yilda bir marotaba navbat asosida esa: 

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar; 
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalari; 
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchilarga beriladi.

Shuningdek, sanatoriylarda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda, navbat asosida, 3 yilda 1 marta yoshga doir pensionerlarga ham yo‘llanma berilishi mumkin.

— Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar yo‘llanmalarni olishi uchun qanday hujjatlar taqdim etishi zarur?

— Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar yo‘llanmalarni olishi uchun tuman yoki shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shu'balariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

  • rahbar nomiga ariza;
  • pasport nusxasi;
  • imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat;
  • tibbiy xulosa.

Arizalar maxsus ro‘yxatga olish kitobida qayd etiladi. Yo‘llanmalar nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalarga uning amal qilish muddati boshlanishidan kamida 10 kun oldin tibbiy xulosaga muvofiq beriladi. 

Yo‘llanmalar faqat ularda ko‘rsatilgan muddatlarda haqiqiy hisoblanib, kechikib kelingan kunlar tiklanmaydi. 

Shuningdek, yo‘llanmadan faqat unda ko‘rsatilgan shaxsgina foydalanishi mumkin. Sanatoriyga bitta yo‘llanma bilan bittadan ortiq kishi qabul qilinmaydi. 

Sanatoriyga tashrif buyurgan nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar o‘zi bilan birga yo‘llanmadan tashqari pasport va sanatoriy-kurort kartasini olib kelishi lozim.

Top