15:08 / 09.01.2021
8149

Ravshan Ermatov: «Toshkent 2025» Osiyo chempionatida 1-o‘rinni olishni rejalashtirganmiz»

Joriy yilning 9 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Sport va turizmni sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlarning tanqidiy-tahliliy natijalari hamda 2021 yilgi ustuvor vazifalar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Tadbirda ishtirok etgan jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov O‘zbekiston prezidenti Oliy Majlisga murojaatnomada 2025 yilda Toshkentda yoshlar o‘rtasida bo‘ladigan Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berganini aytib o‘tdi.

“Bu galgi chempionatda mezbon davlat bo‘lganimiz uchun bizga ko‘proq medallar olib keladigan sport turlarini kiritishni rejalashtirganmiz. Milliy kurash, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish, ot sporti kabi turlarni qo‘ymoqchimiz. Avvalgi musobaqada 14-o‘rinni egallagan bo‘lsak, bu chempionatda 1-o‘rinni olishni maqsad qilganmiz”, - dedi u.

Qayd etilishicha, ushbu chempionatda futbol bo‘yicha 2011 yilda tug‘ilgan, gimnastikada 2010 yilda tug‘ilgan va qolgan sport turlari bo‘yicha 2008 yil hamda undan kichik yoshdagi sportchilar qatnashadi. 

“Asosiy muammolardan biri - bu yoshdagi sportchilar orasida tizimli ravishda musobaqalar o‘tkazilmaganligi sabab terma jamoalar tuzilmagan. Shu yoshdagi sportchilar o‘rtasida 3 bosqichda musobaqalar o‘tkazilib, terma jamoalar shakllantiriladi”, - deya aytib o‘tildi tadbirda.

Ma'lum qilinishicha, terma jamoaga saralab olingan sportchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihonsiz Olimpiya zaxiralari kollejiga qabul qilinadi. Ular 4 yil davomida — 2025 yilgacha maqsadli ravishda tayyorgarlik ko‘rib boradi. Bu mamlakatda o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida o‘z natijalarini berishi aytildi.

Top