17:25 / 12.01.2021
30131

Kremlda «asr urushi»dan keyingi ilk muzokara bo‘lib o‘tdi. Putin, Aliyev va Pashinyan nimalarni gaplashdi?

11 yanvar kuni Moskvada Armaniston bosh vaziri Nikol Pashiyan, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya rahbari Vladimir Putin ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Unda 44 kun davom etgan Qorabog‘dagi «asr urushi»dan keyingi holat muhokama qilindi.

Foto: Getty Images

Nimalar kelishib olindi?

Uchrashuvning 5 daqiqadan ko‘prog‘i OAV uchun ochiq bo‘ldi va keyinchalik barchasi yopiq eshiklarda davom ettirildi. Putin, Pashinyan va Aliyev to‘rt soatga yaqin muzokara olib borgan. Uning yakuniga ko‘ra, Qorabog‘ni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolangan.

Muhokamalarda Aliyev Qorabog‘ mojarosi ortda qolgani, hech qanday kelishuv qayta ko‘rib chiqilmasligini ma'lum qilgan bo‘lsa, Pashinyan Qorabog‘ statusiga oydinlik kiritish orqali hal qilinajak masalalar hamon bor ekanini aytgan. Pashinyanning status haqidagi gaplari internetda kulgiga sabab bo‘ldi. Qorabog‘ uchun urushda Ozarboyjon g‘alaba qozongach, Aliyevning status haqidagi gaplari aks etgan video tarqalgandiyu «Hey, Pashinyan, nima bo‘ldi? Status nima bo‘ldi? Go‘r bo‘ldi, go‘rga ketdi», degandi Aliyev zaharxanda bilan.

Putinning taklifiga ko‘ra, Qorabog‘dagi kelishish kerak bo‘lgan masalalarni hal qilish uchun uch tomonlama (Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon) ishchi guruh tuziladigan bo‘ldi. Guruhga uch mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi. Uchrashuvlar davomida asosiy masala yangi chegaralarni hal qilish bo‘ldi. Chunki Ozarboyjon uchta yirik tumanni egallagach, chegaralar borasida tushunmovchiliklar ko‘payib ketgandi. Shuningdek, transport harakatini bloklash va asirlarni almashish muhokama qilingan. Nikol Pashinyanning chiqishidan ma'lum bo‘ldiki, aynan asirlarni almashish masalasida yangilik bo‘lmagan.

Aliyev uchrashuv yakunlari haqida gapirar ekan, Ozarboyjon o‘ziga qarashli Naxichevan muxtoriyatiga Armaniston orqali o‘tuvchi transport yo‘lagi quradi. Bu yo‘l orqali keyinchalik Turkiyaga ham yo‘lak ochiladi. O‘z navbatida, Armaniston ham Ozarboyjon orqali Rossiyaga o‘tadigan temir yo‘l yo‘lagiga ega bo‘ladi. Uch mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari 31 yanvar kuni ilk marta uchrashishi va 1 mart kuni bu borada aniq rejani taqdim etishi kerak. Aynan ular Qorabog‘dagi transport tuzilmasi qanday bo‘lishi bo‘yicha takliflar beradi.

Pashinyanning muammosi

Uchrashuvga tomonlar har xil kayfiyatda yetib kelishdi. Masalan, Pashinyanning mamlakat ichkarisidagi holati yaxshi emas. U bir tomondan mag‘lub taraf vakili sifatida, bir tarafdan o‘z mamlakatida xushlanmayotgan rahbar bo‘lib uchrashuvga kelgandi. Hatto Pashinyan Moskvaga kelishidan avval Yerevanda namoyishga chiqqanlar uning muzokaralarga borishiga qarshilik qilib, aeroportga boradigan katta ko‘chani to‘sib qo‘yishdi, lekin bu vaqtda Pashinyanning korteji aeroportga yetib borib ulgurgandi.

Pashinyan uchun eng og‘iri shuki, Armaniston jangda halok bo‘lgan askarlarining jasadlarini topishdek oddiy ishni amalga oshirib bo‘lmadi. Buning uchun bir tomondan kerakli texnikalar yetishmayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan hududning ancha qismi boy berilgach, Ozarboyjondan ruxsat olish muammoga aylanmoqda. Ustiga ustak, Qorabog‘ jasadlarni qidirish va har qanday qidiruv-qutqaruv operatsiyasi uchun juda noqulay hudud.

Yana bir jihat shuki, bugungi kunda harbiy jihatdan xarob ahvolda bo‘lgan Armaniston armiyasi hali mamlakatning yangi chegaralari qayerdan o‘tishini aniqlay olmagan. Ikki davlat kelishgan holda chegarani belgilashi esa vaziyatni yengillashtiradi. Ozarboyjon tarixan o‘ziga tegishli bo‘lgan yerlarni urushdan so‘ng qaytarib olgach, ko‘plab armanlar yashaydigan qishloqlar ham ularning tasarrufida qolib ketdi. Chunki Armaniston 1990-yillarda Qorabog‘ni egallagach, armanistonliklar yon atrofdagi yerlardan uy qurib yashab ketavergan. Oqibatda ular bugun yashaydigan yerlar Ozarboyjonga o‘tib qolgan. Ozarboyjon ularga yoki o‘z pasportini olib yashashni yoki yerlarni tark etishni talab qilmoqda.

Ikki mamlakat chegarasida qolib ketgan yirik Sotk oltin konining taqdiri ham noma'lum. Yangi chegara konning o‘rtasidan o‘tadi. Goris va Kapan shaharlari o‘rtasidagi trassaning taqdiri ham noma'lum. Chunki yo‘lning bir qismi endilikda Ozarboyjonga tegishli. Ma'lum bo‘lishicha, rasmiy Boku bu trassadan armanlar foydalanishiga qarshi emas. Ishchi guruh Armanistondan o‘tuvchi Naxichevan trassasi qay tartibda qurilishini ham hal qilishi kerak.

Aliyev xotirjam edi

Ilhom Aliyev uchrashuv davomida o‘zini [odatdagidek] juda xotirjam tutdi. Har holda OAV uchun ochiq o‘tgan qismda shunday ko‘rindi. Axir u Pashinyan kabi ichki muammolarga ega emas, qaytanga Ozarboyjonda qahramon darajasiga ko‘tarilgan. 6 yanvar kungi videomuloqotda Aliyev Armaniston tashqi ishlar vaziri tan olinmagan Qorabog‘ poytaxti Stepanakertga borganini qoraladi va Qorabog‘ni qaytarish uchun o‘tkazilayotgan «temir musht» operatsiyasi hali tugamaganini eslatdi. U Qorabog‘ Ozarboyjonning xalqaro maydonda tan olingan hududi ekanini yana bir bor eslatdi.

Shu tariqa, Boku Armanistonga Qorabog‘ bo‘yicha munosabat oldingidek bo‘lmasligini tushuntirdi. Armanistonning hududdagi yagona umidi va ishonchi Pashinyan hukumatga kelgunga qadar rosa tanqid qilgan Rossiyadir. Rus «tinchlikparvar kuchlari» yaqin besh yilda Qorabog‘dagi Armaniston tasarrufidagi yerlarni himoya qiladi. Jumladan, endilikda Ozarboyjonga tegishli bo‘lgan Lochin tumanidan o‘tuvchi, Stepanakertni Armaniston bilan bog‘laydigan trassa ham besh yil ruslar nazoratida bo‘ladi.

Armaniston haddidan oshsa, yangi urushni va'da qilayotgan Ozarboyjon hukumati o‘z so‘zida turib, Qorabog‘ni obod qilish uchun ishlarni boshlab yubordi. Ayni damda ozarlar tasarrufiga o‘tgan yerlarga tinimsiz qurilish materiallari yetkazilmoqda. Hozir Ozarboyjonda 1993 yilgi arman bosqinidan so‘ng Qorabog‘dagi uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan ozarlardan u yerga qaytish-qaytmasligi so‘rab chiqilmoqda. Qaytishni xohlaganlarga davlat tomonidan Qorabog‘da uy qurib beriladi. Ular tashlab ketadigan uylari esa Qorabog‘ni qaytarish jangida halok bo‘lgan zobitlarning oilalariga beriladi.

Aliyev yo‘llar ochilishidan xursand bo‘ldi

Ozarboyjon yetakchisi Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi transport yo‘laklari ochilishi har ikki tomon uchun manfaatli ekanini aytdi. «Transport koridorlarining ochilishi hudud rivoji uchun juda muhim hisoblanadi. Yo‘llarsiz o‘sishga erishib bo‘lmaydi. Ularning ochilishi ham Ozarboyjon, ham Armaniston, shuningdek, Rossiya va qo‘shni davlatlar uchun ham manfaatli. Umid qilamanki, qo‘shni davlatlar ham transport koridorlari tashkil etilishida faol qatnashadi», dedi Aliyev Moskvadagi uchrashuvda.

Pashinyanning portfeli

Moskvadagi uchrashuvlar haqida fikr bildirgan ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e'tiborini Nikol Pashinyan o‘zi bilan olib borgan portfel tortdi. Pashinyan portfeldan faqat bitta bloknot va ruchka oldi. Vaholanki, ularni cho‘ntakka solib yurish ham mumkin. Aftidan, Pashinyan qanaqadir hujjatlarni ko‘rsatmoqchi bo‘lib, portfel olib borgan, lekin uchrashuvning OAV uchun ochiq qismida uni olish shart emasligini unutgan. Uchrashuv davomida Pashinyan va Aliyev oldiga bloknot va ruchka olib yurgani ham odamlarning e'tiborini tortdi. Bu holatga «odobli o‘quvchilar professorning so‘zlarini konspekt qilish uchun kelgan», deb ta'rif berganlar ham bo‘ldi. Biroq bu misoldagi «professor» Vladimir Putin doimgidek bosiq nutq so‘zlab, shunchaki bir necha marta mintaqadagi tinchlik Rossiyaga bog‘liq ekanini eslatdi va kamtarlik bilan Moskva tinchlik muzokaralarida vositachi bo‘lishdan mamnun ekanini aytdi...

Top