09:11 / 12.01.2021
19781

O‘zbekistonda mahkumlar soni ma'lum qilindi

Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan yig‘ilishda prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

Parlament saytida yozilishicha, tezkor-qidiruv, tergov sohasida qiynoqlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlariga keltirilgan va ushlangan shaxslar bilan yangi tashkil etilgan 484ta so‘rovxonada suhbat va so‘rovlar o‘tkazilmoqda. 

Tergov bo‘linmalarida videokuzatuv vositalari hamda eshitish moslamalarisiz advokatlar o‘zlarining himoyasi ostidagi shaxs bilan holi uchrashishlari uchun alohida advokatlar xonalari tashkil etilgan. Tergov hibsxonalaridagi mavjud tergovchilar xonalariga jami 123 dona zamon talablariga javob beradigan ovoz yozishga mo‘ljallangan videokuzatuv vositalari o‘rnatildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 54ta jazoni ijro etish muassasasi mavjud. Shundan 18tasi yopiq turdagi, 25tasi manzil koloniya va 11tasi tergov hibsxonalaridir. Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimida 22 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 14 mingdan ortiq mahkumlar yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.

2020 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, AQShda har yuz ming odamdan 639 nafari, Rossiyada 340 nafari, Turkiyada 335 nafari, Belarusda 343 nafari, O‘zbekistonda 68 nafari jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda.

Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta'minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54ta jazoni ijro etish muassasalari 3 280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Shundan, 2 203tasi jazoni ijro etish muassasasi yashash sahniga, 432tasi ishlab chiqarish sahniga, 645tasi tashqi ma'muriy hududga o‘rnatilgan.

Top