23:48 / 13.01.2021
4910

Xalq ta'limi vazirligi: O‘quvchilarning 96 foizi maktabga chiqdi

Ta'tildan so‘ng, 12 yanvar kuni maktab o‘quvchilarining 95 foizi, 13 yanvarda esa 96 foizi an'anaviy ta'limni tanlab, maktabga bordi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

11 yanvar, dushanbadan boshlab maktab o‘quvchilarining qishki ta'tili tugadi va dars jarayonlari boshlandi. Dastlab ta'lim to‘lig‘icha an'anaviy tarzda o‘tkazilishini e'lon qilgan Xalq ta'limi vazirligi so‘nggi soatlarda bu qarorini o‘zgartirdi va onlayn shakldagi ta'lim ham saqlanib qolishini bildirdi.

Kun.uz muxbiri kim qanday shakldagi ta'limni tanlagani, o‘quvchilarning qancha qismi maktablarga chiqqani haqida ma'lumot olish uchun XTV matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog‘landi.

«Garchi onlayn ta'lim shakli ham davom ettirilishini e'lon qilgan bo‘lsak-da, juda ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini maktablarga olib kelishdi, ta'lim muassasalari o‘quvchilar bilan yana oldingidek to‘ldi. Buni ota-onalar an'anaviy ta'lim ahamiyatini tushunib yetganlari, farzandlarining uyda uzoq vaqt bo‘lishi fanlarni o‘zlashtirishga salbiy ta'sir qilayotganini sezganlari bilan izohlash mumkin», deydi Rustamova.

– Aniq raqamlardagi ko‘rsatkichlar qanday bo‘ldi?

– 2021 yil 12 yanvar kungi holatga ko‘ra, 95 foiz, ya'ni 5,9 mln o‘quvchi maktablarda an'anaviy ta'lim olmoqda. 13 yanvardagi ko‘rsatkich yanada oshgan – 96 foiz.

Yuqorida aytganimday, bu – ota-onalar va o‘quvchilarning an'anaviy ta'limga astoydil tayyorgarlik ko‘rganlari, keyinchalik onlayn shakl saqlanib qolganda ham o‘sha ishtiyoq pasaymaganidan dalolat.

– O‘quvchilar kamligi uchun onlayn ta'lim sifati tushib ketmaydimi?

– Onlayn ta'limning o‘ziga xos jihati shundaki, unda o‘quvchilar soni cheklanmaydi. Biz pandemiyaning turli ssenariylariga, shuningdek, Maxsus komissiyaning tezkor qarorlariga ham tayyor turishimiz kerak. Shu bois onlayn ta'lim sifati tushirilmaydi, aksincha, takomillashtirib boriladi.

Top