21:22 / 16.01.2021
6513

Namangan shahrida o‘tgan festivalda 1,5 mingdan ortiq ayollarning ijtimoiy muammolari hal etildi

Festival doirasida «Mehr-3» operatsiyasida viloyatga olib kelingan xotin-qizlarga 50 ta tikuv mashinasi, 50 ta changyutkich, 50 ta mikroto‘lqinli pech, 10 ta muzlatkich va 10 ta nogironlar aravachasi ham topshirildi. 

Viloyat hokimligi hamda viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan bugun, 16 yanvar kuni tashkil etilgan, «Ayol — dunyo bezagi, mehr-muhabbat ramzi» shiori ostida o‘tgan festival xotin-qizlar bandligini ta'minlash, salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilish, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish kabi ko‘plab tadbirlarni qamrab oldi.

Dastlab viloyatning Davlatobod tumanida joylashgan «Yosh kuch» o‘yingohida ayollar ishtirokida «fleshmob» o‘tkazildi. So‘ngra «Qizil yarim oy» jamiyati tomonidan sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiyot aptechkalari joylashirilgan avtokarvon Namangan shahri va Davlatobod tumanining 40ta mahallasidagi 200ta xonadonga ushbu to‘plamlarni va 500 ming so‘mdan pul mablag‘larini tarqatdi.

Ayollar festivali doirasida davlat xizmatlari markazlari va FHDYo bo‘limlari binosida «Ayollar huquqiy maslahatxonasi» tashkil etildi. Unda viloyat adliya hamda Davlat xizmatlari agentligi boshqarmalari, advokat, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius, sudyalar, psixolog, rasmiy otinoyilar va nuroniylar, «Madad» va «Qalb mehri» nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida xotin-qizlarga bepul yuridik xizmat hamda psixologik maslahatlar berildi.

Festival doirasida Namangan shahridagi «Tinchlik» stellasida bo‘sh ish o‘rinlari «Mehnat yarmarkasi» ham tashkil etildi. Unga shaharda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 3 mingdan ziyod ishsiz ayollar jalb etildi. Shuningdek, subsidiya asosida 110 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tikuvchilik mashinalari topshirildi.

Shaharning Uychi ko‘chasidagi musiqa maktabida «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 200 nafar ayollarga hamda «Mehr-3» operatsiyasida viloyatga olib kelingan xotin-qizlarga 50 ta tikuv mashinasi, 50 ta changyutkich, 50 ta mikroto‘lqinli pech, 10 ta muzlatkich va 10 ta nogironlar aravachasi topshirildi.

Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan 10 nafar qizning bir yillik to‘lov-shartnomasi uchun 35 million so‘m, 15 nafar texnikum talabalari bo‘lgan qizning yillik to‘lov-shartnomasi uchun esa 63 million so‘m, jami 98 million so‘m ajratildi.

Shu kuni Namangan shahridagi sakkizta maktab sport zalida tibbiy ko‘riklar tashkillandi. Unda «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi tomonidan voyaga yetmagan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 60 nafar davolanishga muhtoj xotin-qizlar xususiy shifoxonalarda bepul davolanish, 200 nafariga esa diagnostika markazlarida tekshiruvdan o‘tish uchun yo‘llanma berildi.

«Yoshlar markazi»da Namangan shahridagi barcha o‘quv markazlari (tikuvchilik, qandolatchilik, chevarchilik, kulinariya)ni jalb qilgan holda xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha namunali ish tashkil etganlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda 1-o‘ringa — 10 mln so‘m, 2-o‘ringa — 8 mln so‘m va 3-o‘ringa — 6 mln so‘m moddiy rag‘batlantirish sertifikatlari topshirildi.

Mazkur festival doirasida Namangan shahridagi 1500 dan ortiq ayollarning ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yulduzxon Yuldasheva, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top