Turkiya yaqinida Qora dengizda Rossiyaga qarashli, bortida 12 kishi bo‘lgan Arvin yuk kemasining cho‘kishi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Voqea Turkiyaning Bartin viloyati yaqinida yuz bergan.
Mahalliy hokimiyat kema halokatiga yomon ob-havo sabab bo‘lganligini aytmoqda.
4 kishining jasadi aniqlangan. Ekipajning 6 nafar a'zosi qutqarilgan.
Bartin viloyati gubernatori Sinan Gunerning ma'lum qilishicha, qutqaruvchilar kema ekipajining 2 a'zosini qoyalardan qutqarib olishga harakat qilishmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vazirligida ekipaj a'zolari orasida 10 ukrainalik borligi aytilgan. Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, 5 ukrainalik va yana bir davlatning fuqarosi qutqarib qolingan.
Rossiya dengiz flotining ta'kidlashicha, kema bortida 2 nafar rossiyalik bo‘lgan.
Rossiyaning Anqaradagi elchixonasi diplomatlar voqea tafsilotlariga oydinlik kiritishayotganini ma'lum qildi. Elchixona xodimlari kemadagi fuqarolarga yordam berish uchun Bartin portiga yo‘l olishgan.
Turkiya harbiy-dengiz kuchlari Qora dengizning kema cho‘kkan joyiga qidiruv-qutqaruv ishlarida yordam berish uchun fregat jo‘natgan. Bundan tashqari, qutqaruvchilarga vertolyot ham yordam ko‘rsatadi.
Avvalroq kema bortida 15 kishi bo‘lgani, ular 3ta qutqaruv shlyupkasida sohilga yetib olishga urinayotganlari ma'lum qilingandi.