10:27 / 19.01.2021
15571

Nanayliklar hali ham ariqdan suv ichmoqda. Hokim o‘rinbosari «muammo hal bo‘ldi» degandi

Kun.uz bundan bir yil oldin Namangan viloyatining Nanay qishlog‘idagi ichimlik suvi muammosi haqida maqola e’lon qilgan edi. O‘shanda tuman mas’ullari suv muammosi o‘tgan yilning 1-choragida hal etilishini aytishgandi.

Oradan 12 oy o‘tib, muammo qanday hal bo‘lganini o‘rganish maqsadida yana Yangiqo‘rg‘on tumaniga bordik.

Hokim o‘rinbosari: «Nanay qishlog‘ida suv bo‘yicha muammo qolmadi»

Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon Sotvoldiyev biz bilan suhbatda ekoturizm markaziga aylantirilgan Nanay qishlog‘ida ichimlik suvi muammosi yuz foiz yechim topganini aytdi.

«Sizlarga murojaat qilishgan paytda tarmoqda kamchiliklar bor edi. Viloyat hokimidan qayta-qayta pul so‘rab, eng og‘ir hududlarga suv uchun, yo‘l uchun 500 million pul ajratilishiga erishdik. Qayroqi MFY suv tarmog‘ini yana qaytadan dasturga kiritdik.

Mana, hozir chiqib ko‘rishingiz mumkin. Odamlarga murojaat qildik, ular ham qarab turishgani yo‘q, hashar yo‘li bilan chuqur kovlash ishlarida yordam berishdi. 3,9 km yangi tarmoq tortdik. Bitta nasos eskirgan ekan, nasos qo‘ydik. Pastda, soy bo‘yida turadigan TP elektr uzatkichimiz ishdan chiqqan ekan, uni to‘g‘riladik. Bunda kamchilik qolmadi, faqat suv bersak bo‘ldi. Do‘stlik mahallasi 100 foiz ta’minlandi.

Murodjon Sotvoldiyev

Bu tomondan keladigan bo‘lsak, Qayroqi, mana, 100 foiz tarmoq tortildi. Namuna mahallasida kasalxona tomonimiz bor, uni ham rejaga kiritib qo‘yganmiz, uchta ko‘chasi qolib ketgan, qolgan ko‘chalarining hammasida tarmoq bor. Zarbdor mahallasida ham ikkita chekkadagi yangi qilingan mahallaniki bor, hatto yangi qilingan ko‘p qavatli uyimizga ham suv borgan.

4 ta ko‘chani hisobga olmaganda, Nanay hududining o‘zidagi beshala mahallaning suv tarmog‘i deyarli 100 foiz ta’mirlandi. Endi hammasini joy-joyiga qo‘yib, xarajatlari va ishchi kuchini shakllantirilsa bo‘ldi.

Ayni paytda Nanay qishlog‘ida suv bo‘yicha muammo qolmadi», – deydi Murodjon Sotvoldiyev.

Quruq va’dalar yalang‘och yolg‘onga aylandimi?

Shundan so‘ng Nanay qishlog‘i tomon yo‘l oldik. Afsuski, u yerdagi holat mutasaddi bergan ma’lumotlarning teskarisini ko‘rsatib turardi.

Bizga mutasaddi yuz foiz ichimlik suvi muammosi hal bo‘lganini aytgan Qayroqi, Do‘stlik, Soybo‘yi va Namuna mahallalari aholisining katta qismi hali ham ariqdagi loyqa suvdan foydalanib kelmoqda.

Do‘stlik mahallasida bo‘lganimizda mahalla ahli ichimlik suvini bir yarim kilometr uzoqlikdan eshak qo‘shilgan aravada, ayollar chelakda tashiyotganiga guvoh bo‘ldik.

«Yangiqo‘rg‘on hokimligi mutasaddilari ko‘p bora suv keltirib berishlarini aytishgan, mahallamiz «Obod qishloq» dasturiga ham tushdi, lekin muammolar hal bo‘lmadi. Har kuni uch-to‘rt marta aravada o‘zimizga ichgani va uy hayvonlari uchun uzoqdagi ariqdan suv tashiymiz»,– deydi Nodirbek G‘oziboyev.

Namuna mahallasidagi 120tadan ziyod xonadon ham ariqdan suv ichadi. Ariq ko‘chadan 2–3 metr pastdan oqib o‘tgani sabab, undan suv olib chiqishning o‘zi mashaqqat.

Mahalla oqsoqollari bilan suhbatlashdik.

«55 yil oldin shu yerga ko‘chib kelganmiz. O‘sha paytdan beri ichimlik suvi muammosi bilan yashaymiz. Menimcha suv masalasi hal bo‘lmaydi...

Ochiq ariqda har xil axlatlar oqib keladi. Olib ichamiz. Boshqa ilojimiz yo‘q. Agar shu ariqda suv to‘xtasa, besh kilometrdagi kanaldan tashib ichamiz. Eh-he, qancha rahbarlar kelib va’da berib ketishgan. Oxiri ishonchimiz qolmadi», – deydi Yo‘ldoshboy Qutmanov.

Qayroqi mahallasida esa ahvol bundan-da og‘ir, Bo‘ston ko‘chasidagi aholi suvni tashish uchun 15–20 metrlik zinadan chiqib-tushar ekan. Mahalla ayollarining katta qiyinchiliklar bilan pastdan tepaga suv tashiyotganini ko‘rish achinarli.

«Nima qilamiz, ro‘zg‘orga suv kerak bo‘lgani uchun kuniga 5–6 marta tashiymiz. O‘rganib ham ketdik. Bizda ham yaxshi sharoitlar bo‘lishini orzu qilib yashayapmiz», – deydi mahalla ayollari.

Hokim o‘rinbosari Murodjon Sotiboldiyev Qayroqi mahallasiga suv tarmog‘i tortilib, ishga tushganini aytgan edi. Afsuski, ko‘cha kovlanib quvur yotqizilibdi. Lekin, ish oxiriga yetmay qolib ketgan.

«Qolgan ishga qor yog‘adi», deganlari shu bo‘lsa kerak.

 

Hududdagi 51-maktabda ham toza ichimlik suvi yo‘q. Maktab yonidan ariq oqib o‘tgan...

«Maktabimizda 247 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Hozir o‘quvchilar an’anaviy tarzda o‘qitilyapti. Maktabimizda sport zali muammosi bo‘lgan. Bu muammo hokimlik tomonidan bartaraf etilyapti. Ishlar amalga oshirilyapti, ustalar kelib ishlayapti.

Suv masalasiga kelsak, mana shu oqar suvdan ichiladi. Oqar suv bahorda loyqa oqadi, boshqa paytda tinadi. Ichimlik suvi bilan ta’minlashni aytib ketishgan. Yanvar oyi oxiriga ichimlik suvi bilan ta’minlashga va’da berishgan», – deydi maktab o‘qituvchisi Mirshoid Mirzafarov.

Suvi yo‘q Nanay – turizm markazi

Shu yerlik Bayozbek Sharipov suv muammosi yuzasidan shu kungacha turli idoralarga yozgan bir dasta murojaatlari va ularga kelgan javoblarni ko‘rsatdi. Ma’lum bo‘ladiki, tuzilgan ishchi guruhlar, dasturlarning shu kungacha foydasi sezilmagan.

«Nanay qishlog‘imiz turizm hududiga kirdi. Kelayotgan dam oluvchilar uchun toza suvimiz bo‘lmasa, qanday qilib turizmni rivojlantirish mumkin? Ularga beradigan choyimiz loyqa, filtrlanmagan ariq suvidan bo‘lsa.

Qishloqdagi suv tortish nasoslari yo‘q bo‘lib ketgan. Inshootlar atrofidagi maydonlari dacha sifatida qaror chiqarib, berib yuborildi. Aholiga ko‘rib turgan hovuzingizdan ichimlik suvi beriladi. Uning na muhofaza hududi, na filtrlash tizimi bor. Hovuz 1986 yili qurilgan, undan so‘ng aholi soni necha barobar ko‘paydi. Hech kim yordam bermagach, chirigan eski quvurlarni boshqatdan montaj qildik.

Qishlog‘imizda hozir gaz yo‘q. Elektr toki yo‘q. Hech bo‘lmasa mana shu oqib kelayotgan suvni filtrlab, tozaroq qilib berishsa bo‘ladi-ku?»,– deydi u.

Va’dabozlik ham evi bilan

Yangiqo‘rg‘ondagi Nanay qishlog‘i – ekoturizm markazi deb e’lon qilingan. 2020 yili Soybo‘yi mahallasida 30ta oilaviy mehmon uylari ochildi. Nanaydagi mavjud betakror va maftunkor tabiat, toza havo uning turizm uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirib turibdi. Biroq atrofga dong‘i ketgan ekoturizm markazida toza ichimlik suvi yo‘q.

Fuqarolar muammo yuzasidan o‘n yillardan beri turli idoralarga murojaat qilaverib zerikishgan. To‘rtta maktab, uchta bog‘cha, ikkita tibbiyot muassasasi – hammasi suvsiz.

Odamlarga quvur orqali berilayotgan suv ham tepadagi hovuzdan berilayotgan ariq suvi. Filtrlanmagan, ichida turli narsalar oqib keladi.

Tuman hokimligi esa va’da berishdan nariga o‘tmaydi.

Elmurod Ermatov, Kun.uz.
Tasvirchi – Jahongir Mahmudov.

Top