22:12 / 20.01.2021
40224

Jo Bayden rasman AQSh prezidentiga aylandi

Vashingtonda AQShning 46-prezidenti Jo Bayden qasamyod qabul qildi. U bilan birga Kamala Harris mamlakat tarixidagi ilk vitse-prezident ayol sifatida lavozimga kirishdi.

«Bu Amerikaning kuni, bu demokratiya kuni. Tarix va yangilanishga bo‘lgan umid kuni. Bugun biz nomzodning emas, balki maqsadlarimiz g‘alabasini nishonlayapmiz. Maqsadlar - demokratiya. Xalqning irodasi eshitildi. Biz yana bir bor demokratiya mo‘rt va qadrli ekanini tushundik. Bugun, do‘stlarim, demokratiya g‘alaba qozondi», deya o‘z nutqini boshlagan Bayden.

Yangi prezident o‘z nutqida millatni birlikka chaqirgan va bir necha marta AQShning barcha fuqarolarini birlashtirishga, «barcha amerikaliklar» prezidenti bo‘lishga harakat qilishini ta'kidlagan.

«Qizil ko‘kka qarshi turadi. Shahar - qishloqqa. Konservatorlar - liberallarga. Ammo biz bunga chek qo‘yishimiz mumkin», degan Bayden.

Prezident AQSh siyosiy ekstremizm va ichki terrorizmga to‘qnash kelayotgani, bu muammolarni yengib o‘tish zarurligini qayd etib o‘tgan.

«Xudo va barchangizning oldingizda konstitutsiyani, demokratiya va Amerikani muhofaza qilish uchun so‘z beraman. Biz birgalikda Amerika tarixini yozamiz - qo‘rquvlar emas, umidlar tarixini», degan Bayden yig‘ilganlarga yuzlanib.

Marosim qanday o‘tdi?

Qasamyoddan avval respublikachi senator Roy Blant va demokratlarning prezidentlikka sobiq nomzodi Emi Klobushar chiqish qilishdi, shuningdek, Ledi Gaga AQSh madhiyasini ijro etdi.

Marosimning asosiy qismi tushdan keyin boshlandi (Toshkent vaqti bilan soat 22:00). Kapitoliy binosi oldida birinchi bo‘lib Kamala Harris AQSh oliy sudi sudyasi Soni Sotomayor guvohligida Konstitutsiyaga sodiqligini aytib qasam ichdi.

Qasamyod matni XIX asrdan beri o‘zgarishsiz kelmoqda: «Tantanali ravishda qasamyod qilamanki, men Qo‘shma Shtatlar prezidenti majburiyatlarini halollik bilan bajaraman va Qo‘shma Shtatlar konstitutsiyasini saqlash hamda himoyalash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman».

Baydenni Oliy sud raisi Jon Robers qasamyod qildirdi.

Avvalgi prezident Donald Tramp esa ko‘p asrlik an'analarga ters borgan holda marosimda ishtirok etishni istamadi.

Bemisl darajada xavfsizlik choralari
Inauguratsiya marosimidan avval Amerika poytaxti markazi qamaldagi qal'ani eslatardi - simto‘siqlar, to‘silgan yo‘llar va tartibni saqlash uchun jalb etilgan 25 ming harbiy. 6 yanvar kuni lavozimdan ketayotgan prezident tarafdorlari tomonidan Kapitoliy qamal qilinib, besh kishi halok bo‘lgani tufayli marosim arafasida alohida ehtiyot choralari ko‘rildi.

Trampning o‘zi Floridaga yo‘l olgan. U AQSh tarixiga ikki marta impichment e'lon qilingan ilk prezident sifatida kirdi - ammo ikkinchi ayblov ishi Senatda hali ko‘rib chiqilmagan, agar u senatorlar tomonidan qoralansa, prezidentlik saylovlarida yana qatnashish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Inauguratsiya kuni
Chorshanba tongida Tramp Oq uydan chiqib Merilenddagi Endryus harbiy bazasiga bordi. U yerda uni artilleriya salyutlari bilan kutib olishdi va u so‘nggi marta prezident sifatida chiqish qildi. Tramp yozgi maydonda yig‘ilgan oila a'zolari, ma'muriyati xodimlariga minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, prezident lavozimida erishgan yutuqlari haqida gapirdi. Birinchi ledi Melaniya Tramp ham yig‘ilganlarga murojaat qildi.

Tramp o‘z muvaffaqiyatlari qatorida «xitoy virusi» - koronavirusga qarshi kurashdagi yutuqlarini qo‘shib o‘tgan.

AQShning 400 ming fuqarosi Covid-19 tufayli vafot etgan, demokratlar esa bunda ketayotgan prezidentni ayblashadi - ammo Tramp vaziyatga boshqacha ko‘z bilan qaraydi.

«Biz tibbiyot mo‘jizasini ko‘rsatdik, bu mo‘jizaning nomi vaksina», degan Tramp.

Tramp yangi ma'muriyatga muvaffaqiyat tilagan, lekin Jo Baydenning nomini keltirmagan. Shu bilan birga, Baydenning rejalariga qarshiligini izhor qilishga ulgurdi.

«Umid qilamanki, ular siz uchun soliqlarni oshirishmaydi, agar oshirishsa - men bundan sizni ogohlantirganman!», degan Tramp. Demokratlar eng badavlat amerikaliklar uchun daromad solig‘ini oshirishni muhokama etishmoqda.

Marosimda harbiy orkestr chiqish qildi va 21 to‘pdan o‘q uzildi.

«Biz sportchilar ta'biri bilan aytganda, bor kuchimizni berdik. Yo‘limizda ko‘plab to‘sqinliklar bo‘ldi, ammo biz ularni yengib o‘tdik», degan lavozimdan ketayotgan prezident. 

Shundan so‘ng Tramp Oq uyga qaytib, u yerdan Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga uchib ketgan.

Vitse-prezident Mayk Pens bu marosimda ishtirok etmadi. U Baydenning inauguratsiyasida ketayotgan prezident ma'muriyati nomidan ishtirok etishi kerak edi. Axios nashri xabariga ko‘ra, Kongressdagi ikki palatadagi respublikachilarning yetakchilari ham Tramp bilan xayrlashuv marosimiga kelishmagan.

Vashington vaqti bilan soat 10da (Toshkent vaqti bilan soat 20:00da) inauguratsiya marosimidan jonli translatsiya boshlandi. Marosimni inauguratsiya qo‘mitasi saytida, shuningdek, uning Youtube, Facebook va Twitter’dagi sahifalarida kuzatish mumkin. 

Inauguratsiyada avvalgi prezidentlardan uch nafari turmush o‘rtoqlari bilan hozir bo‘lishdi: Barak va Mishel Obama, Jorj va Lora Bush, shuningdek, Bill va Hillari Klinton. Sahnada ular bilan birga jami 200 chog‘li kishi bo‘ldi - ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya etildi. Barcha ishtirokchilar avvalroq koronavirusga test topshirishgandi. Avvalgi inauguratsiya marosimlarida 200 minggacha odam ishtirok etishi mumkin edi, ammo pandemiya tufayli mingga yaqin chipta tarqatilgan.

Bayden va Harris lavozimga kirishgach harbiy qo‘shinlarni ko‘zdan kechirishadi, Arlington milliy qabristoniga tashrif buyurishadi va noma'lum askar qabriga guldasta qo‘yishadi. Ularga turmush o‘rtoqlari - Jill Bayden va Duglas Emhoff hamrohlik qilishadi.

Keyin prezident va vitse-prezident Oq uyga yo‘l olishadi. Bu yil Pensilvaniya-avenyuda o‘tkaziladigan an'anaviy inauguratsiya paradi o‘rniga virtual parad o‘tkaziladi, unda Earth Wind & Fire guruhi chiqish qiladi.

Nihoyat, 20:30da (Toshkent vaqti bilan soat 06:30) bir yarim soatlik bayram konserti boshlanadi. Uning avvalida Bayden va Harris nutq so‘zlashadi, keyin Jastin Timberleyk, Demi Lovato, Jon Bon Jovi, Jon Lejyend, Bryus Springstin, Foo Fighters guruhi va Lin-Manuel Miranda kabilar birin-ketin sahnaga chiqishadi.

Bayden - AQSh tarixidagi e'tiqodiga ko‘ra katolik bo‘lgan ikkinchi prezidentdir (birinchisi Jon Kennedi bo‘lgan). Marosimdan avval u Vashington yeparxiyasining ibodatxonasiga tashrif buyurgandi.

Trampning so‘nggi murojaati
Tramp bir yarim asr ichida keyingi davlat rahbarining inauguratsiyasini o‘tkazib yuborgan ilk prezident bo‘ldi. So‘nggi marta 1869 yilda Endryu Jonson shu ishni qilgandi.

E'lon qilingan xayrlashuv videosida Tramp amerikaliklarni yangi ma'muriyat uchun duo qilishga chaqirgan, ammo Baydenning nomini atamagan. U o‘z va'dalarini bajargani va ko‘p narsaga erishganini ta'kidlagan. Shuningdek, AQShning boshqa mamlakatlar bilan ittifoqlarini qayta tiklagani va «ilgari hech kuzatilmagan darajada» Xitoyga qarshi turganini aytib, o‘z prezidentligi davrida birorta ham urush boshlamaganligidan faxrlanishini, o‘zi boshlagan siyosiy harakat «hali endi boshlanayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

«Men shafqatsiz kurashlar, eng qiyin janglar, eng qiyin qarorlarni o‘z zimmamga oldim — chunki aynan shuning uchun meni saylagansiz. Bizning kun tartibimiz o‘nglar va so‘llar haqida emas, respublikachilar va demokratlar haqida ham emas, balki xalq farovonligi haqida edi», degan u.

Saylovdagi mag‘lubiyatni tan olishni istamagan Trampning tarafdorlarining bir qismi feysbukda o‘z nomzodlarining muqobil onlayn-inauguratsiyasini o‘tkazishni rejalashtirishgan. Unda maxsus sahifaga yig‘ilgan 68 mingdan ortiq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ishtirok etishi mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, marosim arafasida poytaxtga joylashtirilgan Milliya gvardiya bo‘linmalarining 12 nafar jangchisiga javob berib yuborilgandi - ularning ikkisi ijtimoiy tarmoqdagi postlari tufayli, yana o‘n nafari - shubhali o‘tmishi tufayli ishdan bo‘shatilgan.

Maxsus xizmatlar xavfsizlik choralariga qattiq rioya qilishlariga sabab 6 yanvar kuni Tramp tarafdorlari Kapitoliyani qamal qilganida qo‘riqchilar ularga jiddiy qarshilik ko‘rsatmagani yoki xayrixohlik bildirgani bo‘lgan. O‘shanda hujum qilganlar ichida Virjiniya shtatidagi Milliy gvardiya bo‘linmasi kaprali ham bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top