14:34 / 20.01.2021
7029

Jyek Ma oktyabrdan buyon ilk bor omma oldida ko‘rinish berdi

Milliarderni oxirgi marta o‘tgan yil 24 oktyabrda ko‘rishgandi.

Alibaba Group Holding Ltd asoschisi, xitoylik milliarder Jyek Ma kuz faslidan buyon ilk bor omma oldida ko‘rinish berdi. Bu haqda Xitoy OAVga tayanib The Wall Street Journal va Financial Times xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, Jyek Ma chorshanba kuni xayriya tadbirida videoaloqa orqali chiqish qilgan. 

Ushbu tadbir videoyozuvi internetda ham joylashtirildi, deb yozmoqda Bloomberg. Ant Group videoyozuvning haqiqiyligini tasdiqlagan.

Jyek Mani oxirgi marta 24 oktyabrda ko‘rishgandi. U o‘sha kuni Shanhaydagi konferensiyada xalqaro moliyaviy regulyatorlar qoidalari eskirganini aytgan va Xitoy banklarini tanqid qilib, ular «lombardcha mentalitet»ga egaligini bildirgandi. Bu unga qimmatga tushdi. 5 noyabr kuni nazorat paketi Maga tegishli bo‘lgan Ant Group Shanhay va Hongkong birjalarida IPO’ni amalga oshirishi kerak edi. 

Biroq birjaga chiqishdan ikki kun oldin Xitoy moliyaviy regulyatorlari Ma va Ant Group rahbarlarini suhbatga chaqirgan. Reuters manbasining so‘zlariga ko‘ra, ular bizneslarini to‘liq tekshiruv kutayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan. Ant Group IPO’si qoldirildi. Xabarlarga ko‘ra, bu boradagi qarorni shaxsan XXR hukumati raisi Si Tszinpin qabul qilgan.

Dekabrda Xitoy regulyatorlari Ant Group’ni shaffof raqobat prinsiplarini va iste'molchilar huquqlarini buzishda aybladi. 24 dekabrda esa Alibaba ustidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid
Top