08:12 / 21.01.2021
8401

Bayden AQShni JSST va iqlim bo‘yicha kelishuvga qaytardi

Foto: Reuters

AQShning yangi prezidenti Jo Bayden o‘z lavozimini bajarishga kirishishi bilanoq AQShni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga va Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga qaytaruvchi farmonlarni imzoladi

Ta'kidlanishicha, AQShning iqlim bo‘yicha kelishuvga qaytishi bir oyga yaqin vaqt oladi. Hujjat dastlab BMTga taqdim qilinadi, so‘ngra 30 kundan keyin AQSh kelishuvning bir qismiga aylanadi.

Sobiq prezident Donald Tramp 2017 yilda AQShning kelishuvdan chiqishini e'lon qilgandi. Bu qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqidga uchragan. Kelishuv 2025 yilgacha AQShga issiqxona gazlarining atrof-muhitga chiqarilishi hajmini 2005 yildagi darajaga nisbatan 26-28 foiz qisqartirish majburiyatini qo‘ygan.

Tramp ushbu kelishuvni AQSh uchun befoyda deb topgan. Uning fikricha, kelishuv AQShga boshqa davlatlar, jumladan Xitoyga qaraganda qat'iyroq cheklovlar qo‘ygan.  

Shuningdek, Bayden AQShni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qaytarish bo‘yicha farmonni imzoladi. Agar Bayden buni qilmaganda, Vashington tashkilotni 2021 yil 6 iyulda tark etgan bo‘lardi.  

Baydenning o‘z inauguratsiyasigacha e'lon qilgan bayonotida uning ma'muriyati JSST va AQShning boshqa hamkorlari bilan JSSTni isloh qilish va mustahkamlash bo‘yicha ishlashi aytilgandi.

Tramp ma'muriyatida JSST koronavirusning paydo bo‘lishi haqidagi axborotni yashirishda ayblab kelingan. Shu sababli 2020 yil aprelda sobiq prezident JSSTning virusning avj olishiga nomaqbul javob berishi bilan bog‘liq tergov o‘tkazilgungacha AQShning JSSTdagi faoliyatini to‘xtatib turishga qaror qilgandi.

Bundan tashqari, Bayden prezidentligining ilk kuni yana bir qator farmonlarni imzoladi:

  • Meksika bilan chegaradagi vaziyat sababli kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini bekor qilish;
  • bir qator musulmon davlatlari fuqarolarining AQShga kirishiga taqiqlovning bekor qilinishi;
  • Kanada bilan Keystone XL neft quvuri qurilishini to‘xtatish;
  • yuz niqobi taqish rejimini kiritish. 

Bundan tashqari, Bayden 20 yanvarni Milliy birdamlik kuni deb e'lon qildi. 

“Bugun biz saylovlardan keyin demokratiyaning tantanasini nishonlamoqdamiz. Ushbu saylovlar davomida tariximizda har qachongidan ko‘ra ko‘proq amerikalik ovoz berdi va uning natijalariga ko‘ra xalq istagi eshitildi va amalga oshirildi”, deb aytilgan tegishli hujjatda.

Mavzuga oid
Top