15:39 / 21.01.2021
12931

Nega asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi? Markaziy bank izoh berdi

Markaziy bank boshqaruvi 2021 yil 21 yanvarda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ushbu qaror inflatsiya dinamikasini yanada pasaytirish, iqtisodiyotda real foiz stavkalarini ijobiy darajada saqlab qolish, shuningdek, iqtisodiy faollikning tiklanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib borish maqsadida qabul qilingan, deya tashkilot izohini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda Markaziy bank hukumat bilan birgalikda inflatsiyaning yil oxiriga 10 foizdan past bo‘lgan oraliq maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.

Inflatsiya va inflyatsion kutilmalar

2020 yilning ikkinchi yarmidan boshlab tartibga solinadigan narxlarning nisbatan barqarorligi, iste'mol talabining sustligi va umuman, o‘zgaruvchan makroiqtisodiy sharoitlar narxlarning yillik o‘sish sur'atlari sekinlashishiga xizmat qildi.

2020 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya darajasi 2019 yildagi 15,2 foizga nisbatan sekinlashib, 11,1 foizni tashkil etdi.

Inflatsiyaga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi nisbatan yuqori – 6,5 foiz band hissa qo‘shdi. Mazkur tovarlar guruhi bo‘yicha inflatsiya umumiy inflatsiya darajasidan ancha yuqori bo‘ldi va yil yakuni bo‘yicha 15,3 foizni tashkil qildi.

Oziq-ovqat inflatsiyasiga bosim, asosan mavsumiy omillar, barqaror talab, jahon va asosiy savdo-hamkor davlatlar oziq-ovqat bozorlaridagi narxlarning o‘suvchi dinamikasi ta'sirida yuzaga keldi. Bunda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori darajada o‘sdi.

Xususan, kartoshka narxi – 42 foizga, tuxum – 38 foizga, o‘simlik yog‘i – 27 foizga, shakar – 21 foizga, go‘sht mahsulotlari – 18,1 foizga va non mahsulotlari – 15,2 foizga qimmatlashdi.

2020 yilda nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur'atlari umumiy inflatsiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,8 foiz va 7,1 foizni tashkil etdi.

Dekabr oyida yillik bazaviy inflatsiya darajasi narxlarning umumiy o‘sishiga nisbatan yuqoriroq shakllandi va 11,7 foizni tashkil qildi. Bu oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish tendensiyasi va tartibga solinadigan narxlarning nisbatan barqaror bo‘lganligi bilan izohlanadi.

2020 yilda noaniqliklarning kuchayishi ta'sirida aholi va tadbirkorlik sub'yektlari inflyatsion kutilmalarining nisbatan yuqori o‘sishi kuzatildi. Bu aprel va iyul oylariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, avgust oyida kutilmalar pasaya boshladi va aholi uchun 17-18 foiz hamda tadbirkorlik sub'yektlari uchun 18-19 foiz darajasida qayd etildi.

Bu o‘z navbatida, inflyatsion kutilmalarning jilovlanmaganligini ifodalaydi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlarda ham inflyatsion kutilmalarning o‘sishi va joriy inflatsiyadan yuqori farqlanishi kuzatilib, bu jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgaruvchanligini va iqtisodiy agentlarning kelajakdagi tendensiyalar bo‘yicha noaniqliklarning mavjudligi bilan izohlanadi.

Iqtisodiy faollik

2020 yilning 4 - choragida iqtisodiyotning tiklanish tendensiyasi davom etdi. Yil yakuni bo‘yicha ko‘plab makroiqtisodiy va tarmoq ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sish sur'atlari kuzatilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha YaIM o‘sishi Markaziy bank bazaviy prognoz ko‘rsatkichlaridan (1-1,5 foiz) yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Bu birinchi navbatda, 2020 yil yanvar-noyabr oylarida sanoat ishlab chiqarish hajmining 0,7 foizga (yanvar-sentyabr oylarida

2,7 foizlik pasayish bo‘lgan), chakana savdo aylanmasining 2,4 foizga, xizmatlar va qurilish hajmining mos ravishda 2,2 va 8,7 foizga o‘sishi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, iqtisodiy faollikning muqobil ko‘rsatkichlari ham makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning dastlabki prognozlardan yuqori bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2020 yilning III-IV choraklarida Respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi barqaror o‘sish dinamikasiga ega bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilning IV choragida 2019 yilning mos choragiga nisbatan 1,3 baravarga oshdi.

2020 yilning IV choragida banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan bitimlarning umumiy soni o‘tgan chorakka nisbatan 17,1 foizga, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi qariyb 20 foizga oshdi.

Markaziy bank tomonidan iqtisodiy faollik va ishbilarmonlik kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari ular bo‘yicha indekslarning 2020 yil iyul oyidagi pasayishidan so‘ng III-IV chorakda yaxshilanganligini ko‘rsatmoqda.

Pul-kredit sharoitlari

2020 yilda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi dekabr oyida 14,4 foizni tashkil qildi va foiz koridori doirasida asosiy stavkaga nisbatan ijobiy tafovut bilan shakllandi.

Banklarning vakillik hisobvarag‘i qoldig‘i (likvidligi) va pul mablag‘larining o‘rtacha kunlik aylanmasi o‘rtasidagi tafovut

2020 yilda 2019 yilga nisbatan 38 foizga qisqardi hamda bu likvidlikni taqsimlash samaradorligining oshganligi va pul bozorining rivojlanganligidan dalolat beradi.

Jumladan, 2020 yil IV choragida pul bozoridagi operatsiyalarning o‘rtacha oylik hajmi 7,5 trln. so‘mga yetib, 2020 yilning III choragidagi o‘rtacha oylik ko‘rsatkichga nisbatan 44 foizga o‘sdi.

2020 yilda milliy valutadagi depozitlarning umumiy hajmi 25 foizga (9,6 trln. so‘m), shu jumladan, jismoniy shaxslar depozitlari 31,6 foizga (4,1 trln. so‘m) oshdi.

Yil yakuni bo‘yicha jismoniy shaxslarning milliy valutadagi depozitlari bo‘yicha foiz stavkasi 17 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha 14,4 foizni tashkil qildi. Inflatsiya sur'atining pasayishini hisobga olganda, depozitlar bo‘yicha real foiz stavkasi yil davomida jismoniy shaxslar uchun 5 foiz va yuridik shaxslar uchun 3 foiz atrofida shakllandi.

2020 yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 34,3 foizga oshdi va 280,4 trln. so‘mni tashkil qildi. Iqtisodiy sharoitlardagi ayrim murakkabliklarga va kreditlar qaytarilish muddatining vaqtinchalik uzaytirilishiga qaramay, tijorat banklari tomonidan 127 trln. so‘mlik kreditlar ajratildi va bu 2019 yildagi ko‘rsatkichga yaqin bo‘ldi.

Milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi dekabr oyida 18,8 foizni tashkil qildi. Bunda yil davomida qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi 18,4 foizgacha (7,3 foiz bandga), uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha esa 19,1 foizgacha (6,6 foiz bandga) pasaydi.

2020 yilning 4 - choragida chet el valutasiga bo‘lgan talab yuqori darajada o‘sib bordi. Bu asosan, karantin choralari sababli kechikkan talab va iqtisodiy faollikning tiklanishi bilan izohlanadi. 2020 yil davomida so‘mning almashuv kursi 10,1 foizga qadrsizlandi.

2020 yilning mart va oktabr oylaridagi mustahkamlanishdan so‘ng so‘mning real samarali almashuv kursi yil yakuniga kelib, asosiy savdo hamkorlar milliy valutalari kursining o‘zgarishi va inflatsiya darajasining oshishi, shuningdek, mamlakatimizda inflatsiya darajasining pasayishi hisobiga o‘zining uzoq muddatli trendiga yaqinlashdi.

2021 yil uchun prognozlar. 2020 yil 4 - choragi va yanvar oyining birinchi yarmidagi ko‘rsatkichlarni hisobga olganda, makroiqtisodiy sharoitlar Markaziy bankning bazaviy prognozlariga muvofiq shakllanmoqda.

2020 yildagi ko‘rsatilgan fiskal rag‘batlantirish va pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshatilishi ta'siri 2021 yilning birinchi yarmida talab tomondan iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Bunda 2021 yilda YaIMning real o‘sishi 4,5-5,5 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2021 va undan keyingi yillarda iqtisodiyotning real sektorida raqobatni rivojlantirishga, investitsion muhit va infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlar iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari hajmi nominal YaIM o‘sishiga mutanosib bo‘ladi va 16-20 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolishi va inflatsiya omillarining muvozanatlashishi hisobiga 2021 yil yakuni bo‘yicha inflatsiya darajasining 9,0-10,0 foizga qadar yanada pasayishi kutilmoqda.

Ta'kidlash joizki, asosiy stavkani pasaytirish bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorlarning to‘liq transmissiyasi, shuningdek, pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshatilishiga iqtisodiyotning moslashuvi ma'lum vaqtni talab qiladi.

Markaziy bank baholashlariga ko‘ra, pul-kredit siyosatining joriy «nisbatan qat'iy» sharoitlari 2021 yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sishning bazaviy prognozlarini qo‘llab-quvvatlash va pul bozorida ijobiy real foiz stavkalarni (3-4 foiz darajasida) ta'minlash uchun yetarli hisoblanadi.

Ehtimoliy xatarlar

Yaqin oylarda iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kuchayish ehtimoli pastligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, inflatsiyaning bir martalik omillarining vujudga kelish ehtimoli va inflyatsion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud.

Yaqin istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi xatarlardan biri sifatida qolmoqda. Proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti bo‘yicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziq-ovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish ko‘p jihatdan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi. Ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan ta'minlash bo‘yicha ta'sirchan choralarni ko‘rish, shu jumladan, bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.

Bunda Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlarni hisobga olgan holda inflatsiya xatarlari va omillari xarakterini chuqur o‘rganishda davom etadi hamda inflatsiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqqan holda asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.

Ma'lum qilinishicha, Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi oraliq yig‘ilishi 2021 yil 11 martga belgilangan. 

Top