16:53 / 21.01.2021
6135

Toshkentda mahalla raislariga ajratilayotgan mablag‘lar nimalarga sarflanishi ma'lum qilindi

Toshkentdagi 519 nafar mahalla raislarining har biriga 50 mln so‘mdan ajratilmoqda.

Toshkentda aholi muammolarini hal etish uchun ko‘plab mas'ullar, xususan mahalla raislariga ham pul ajratilmoqda, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Poytaxtdagi 519ta MFY raisining har biriga mahallalardagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etish uchun 50 mln so‘mdan (jami 26 mlrd so‘m) ajratilishi belgilandi.

Eng namunali deb topilgan 50ta MFY rahbariga Mustaqillik bayrami arafasida «Spark» avtomobili homiylar hisobidan sovg‘a sifatida berilishi rejalashtirilgan.

Shahar kengashi deputati Naima Jabborovaning so‘zlariga ko‘ra, mahalla raislarining bu mablag‘larni to‘g‘ri sarflashi nazorat qilinadi.

Naima Jabborova

«Mahalla raisi podshomas. MFYda taftish kengashi bor. Har bir sarf-xarajat ana shu kengash bilan hal qilinadi.

Bu pullar mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtojlarga, operatsiyaga muhtoj bemorlarga ma'lum miqdorda berilishi, nogironlik aravachalari olib berilishi yoki shu paytgacha e'tiborsiz qoldirilgan muammolarni bartaraf etishga ham sarflanishi mumkin.

Bu 50 mln hech kimning qo‘liga berilmaydi. Hisobraqamga tushadi, har bir xarajat uchun hujjat talab qilinadi. Davlatning har bir so‘mi uchun biz javob beramiz», – dedi Naima Jabborova matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda aholi muammolarini hal etish uchun mutasaddilarga mablag‘ ajratilishi haqida shahar kengashining hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida o‘tgan 19 yanvar kungi sessiyasida ma'lum qilingan edi.

Unga ko‘ra, 2021 yilda Toshkentda aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish uchun:

  • shahar kengashining har bir deputatiga 2 mlrd so‘mdan (60 nafar deputatga jami 120 mlrd so‘m);
  • tuman kengashlarining har bir deputatiga 100 mln so‘mdan ajratiladi.

Sayyor qabullarda aniqlangan muammolar yechimi uchun:

  • shahar sektor rahbarlariga 5 mlrd so‘mdan;
  • shahar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘iga 2 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari:

  • maktab, bog‘cha va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 80 milliard so‘m;
  • daraxtlar ekish uchun 30 mlrd so‘m ajratiladi.

Shahar kengashi deputati Toshpo‘lat Matibayevning ma'lum qilishicha, aholi vakillari o‘z hududlaridagi ijtimoiy soha muammolari bo‘yicha hududlardagi o‘z deputatlariga murojaat qiladi. Deputat masalani o‘rganib chiqqach, hokimiyatga taklif kiritadi.

Toshpo‘lat Matibayev

Shahar yoki tuman deputatlari taqdim etgan har bir loyiha kengashda muhokama qilinadi. Ajratilgan pullar davlat dasturiga kiritilmagan loyihalarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Top