15:03 / 22.01.2021
32730

Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzax viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qurilish obektlarida korrupsion xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Aksilkorrupsiya agentligi xabar bermoqda.

Mazkur holat bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi va tegishli idoralar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, davlat xaridlari jarayonlarining amalga oshirilishida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligi, bunga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan qonuniy munosabat bildirilmagani, tanlov hujjatlarini soxtalashtirganlik kabi holatlar aniqlandi.

Bundan tashqari, g‘olib deb topilgan “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi mansabdor shaxslari tomonidan tanlovda noqonuniy g‘oliblikni qo‘lga kiritish maqsadida korxona moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi ma’lumoti va ish tajribasi, shuningdek, tanlovda yuqori ball olishda inobatga olinadigan boshqa ma’lumotlar qasddan oshirib ko‘rsatilgan.

Buning natijasida, “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan ma’muriy bino qurilishida bajarilmagan 905 mln so‘mlik qismi yoki obekt umumiy qiymatining 8 foiz qurilish ishlari hujjatlarida qo‘shib yozib, davlat budjeti mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.

Agentlikning xabar berishicha, taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Jizzaxda qurilish sohasidagi mojarolar ortidan Jizzax viloyati hokim o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovni siyosatga xiyonatda ayblagan va keyinroq u ishdan olingandi.

Mavzu
Jizzaxda 6 qavatli bino qulashi
2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilib, hali foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uy qulab tushdi.
Barchasi
Top