18:32 / 22.01.2021
14399

O‘zbekistonda yarim milliondan ortiq aholi elektrdan vaqtincha uzilib qoldi - «Hududiy elektr tarmoqlari»

Avariyaviy uzilishlardan so‘ng, jami 550 100ta iste'molchining 60 foizga yaqini tarmoqqa qayta ulangani ma'lum qilindi.

O‘zbekistonda 21 yanvardan boshlangan kuchli shamol va qor bo‘roni oqibatida Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo va vodiy viloyatlarida elektr energiyasida uzilishlar ro‘y berdi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha 110 kV kuchlanishli 7ta havo liniyasida va 6–10 kV kuchlanishli 476ta havo liniyasida uzilishlar kuzatilgan va 550 100ta iste'molchi elektrsiz qolgan.

Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisining 1-o‘rinbosari Jahongir Obidjonov 22 yanvar kungi brifingda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avariyaviy o‘chishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida hududlarda avvaldan jami 481 ta tezkor brigadalar tashkil etilgan, zarur texnikalar jalb etilgan.

Brigadalar tomonidan 110–35 kV kuchlanishli tarmoqlar va 247ta 6–10 kV kuchlanishli liniyalar tarmoqqa qayta ulangan.

Ayni vaqtda elektrsiz qolgan iste'molchilarning 350 200 dan ortig‘i (deyarli 60 foizi) tarmoqqa qayta ulangan va qolgan qismida ishlar olib borilmoqda.

Jahongir Obidjonov

«O‘zgidromet» ma'lumotiga ko‘ra, bunday noqulay ob-havo sharoiti 22 yanvar ham respublikaning ayrim hududlarida davom etishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ aholini elektr energiyasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlardan ogohlantiradi va oldindan uzr so‘raydi.

Qadrli yurtdoshlar, hurmatli elektr energiyasi iste'molchilari! Ob-havo injiqliklari natijasida yetkazilgan zarar oqibatida keltirilgan noqulayliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan barcha choralar ko‘rilayotganini ma'lum qilamiz», – dedi Jahongir Obidjonov.

Top