08:39 / 22.01.2021
23768

Prezident: Buxoroning vafot etgan ikki hokimini unutmaymiz

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Buxoro safarini Olot, Qorako‘l, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan uchrashuvdan boshladi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu tumanlarni rivojlantirish masalalari, xususan, ishsizlik muammosi atroflicha muhokama qilingan.

“Niyatimiz xalqimizni rozi qilish. Afsuski, Buxoro viloyati ko‘p sohalarda orqada qolyapti. Ichimlik suvi, kanalizatsiya, sanoatlashtirish masalalarida muammolar talaygina. Hech qaysi viloyatga suv va kanalizatsiya uchun Buxoroga berilganicha miqdorda mablag‘ ajratmaganmiz. Shunga majbur bo‘ldik, sababi uzoq yillar bu muammolar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Meni o‘ylantirgan yana bir narsa – viloyatdagi 300 mingdan ortiq ishsizlar. Aslida juda ko‘p muammolar ishsizlikdan kelib chiqadi, ajralishlar ham, ichkilikbozlik ham, mojarolar ham. 

Bu muammolarni hal qilish uchun oldingi ikki hokim bilan rejalar tuzgandik, afsuski umrlari qisqa ekan, vafot etishdi. Albatta, biz ularni unutmaymiz”, – dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 22 avgust kuni Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov 66 yoshida vafot etgandi. 2020 yilning 20 sentyabrida esa bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Buxoro viloyatining Karim Kamolovdan oldingi hokimi O‘ktam Barnoyev 56 yoshida vafot etdi. Har ikki holatda o‘limga koronavirus sabab bo‘lgan.

Top