18:46 / 25.01.2021
15147

1 fevraldan boshlab qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalari sotuvga chiqarilmaydi

Joriy yil 1 fevraldan boshlab barcha turdagi (talaba, o‘quvchi, nafaqa hamda aholi uchun mo‘ljallangan) qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalari sotuvga chiqarilmaydi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilishi munosabati bilan 2021 yil 1 fevraldan qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalaridan foydalanilmaydi. Shu sanadan boshlab imtiyozli elektron oylik yo‘l chiptalari uchun belgilangan kunlik tariflar faollashtiriladi. Shuningdek, elektron oylik yo‘l chiptalarini birinchi bor xarid qilayotgan yo‘lovchilarning transport kartalarida 30 kunlik tarif avtomatik tarzda yoqiladi. 

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati kotibi Azimjon Mahamadjonovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, sotib olingan elektron oylik yo‘l chiptalaridagi tariflar birinchi to‘lovni amalga oshirgan kundan boshlab, tarifda belgilangan kunga qadar amal qiladi.

«Masalan, yo‘lovchi tarifni oyning 1-sanasidan sotib oldi, ammo 8-sanadan foydalana boshladi. Shunda tarif keyingi oyning 8-sanasiga qadar amalda bo‘ladi», - dedi u.

Imtiyozli (N, T, O‘, NM, TM, O‘M) transport kartalarini Toshkent shahridagi 70ta oylik yo‘l chiptalari va transport kartalari sotish shoxobchalaridan xarid qilish mumkin. 

Shuningdek, talaba, ijtimoiy nafaqa, o‘quvchi turidagi uch xil elektron oylik yo‘l chiptalariga ega bo‘lish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘ladi:

  • talabaning elektron oylik yo‘l chiptasi uchun pasport nusxasi hamda muassasa tomonidan taqdim etilgan guvohnoma;
  • ijtimoiy elektron oylik yo‘l chiptasi uchun pasport nusxasi hamda nafaqaga chiqqanligi haqida hujjat;
  • o‘quvchining elektron oylik yo‘l chiptasi uchun, ushbu o‘quvchi ota-onasining pasport nusxasi hamda o‘quvchining tug‘ilganligi haqida guvohnoma.

Barcha turdagi elektron transport kartalaridan 3 yil muddatda foydalanish mumkin. Endi har oyda yangi elektron oylik yo‘l chiptalari xarid qilish lozim bo‘lmaydi. Qulay tariflarni yuklab olish kifoya bo‘ladi. Shunda karta bepul taqdim etiladi.

Top