15:22 / 25.01.2021
7378

Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb etish bo‘yicha AQShdan o‘zib ketdi

O‘tgan yili xorij kompaniyalarining XXR iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 4 foizga o‘sdi, AQShda esa 49 foizga pasaydi.

Foto: Getty Images

Xitoy 2020 yilda xorijdan eng yirik hajmda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri yozmoqda.

Xitoy uzoq vaqtdan beri bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi, AQSh esa birinchi o‘rinda edi, deb yozadi gazeta. Ammo o‘tgan yili xorij kompaniyalarining XXR iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 4 foizga o‘sdi, AQShda esa 49 foizga pasaydi.

Pandemiyaga qaramasdan, Germaniyaning sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Adidas va AQShning elektron boshqaruv tizimlari ishlab chiqaruvchi Honeywell International kompaniyalari Xitoydagi faoliyatini kengaytirdi. Dunyodagi eng yirik Walmart reteyleri kelgusi besh yil ichida Uhanga 3 mlrd yuan (460 mln dollar) miqdorida investitsiya kiritishini e'lon qildi. Tesla Shanhaydagi ishlab chiqarishini kengaytirmoqda. Walt Disney esa Shanhay «Disneylend»ida yangi hudud qurilishini davom ettirmoqda.

 Koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyoti «og‘irlik markazi»ning Sharqqa ko‘chishini tezlashtirdi, deb ta'kidlaydi WSJ. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Sharqiy Osiyo barcha xorijiy investitsiyalarning uchdan bir qismini jalb etgan, Yevroittifoqda esa bu ko‘rsatkich 71 foizga pasaygan.

Top