14:43 / 27.01.2021
10630

Bugun O‘zbekistonga nisbatan xusumati bor yoki unga qarama-qarshi bo‘lgan davlat yo‘q – Sodiq Safoyev

Senat raisining birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonning so‘nggi 4 yilda erishgan yutuqlari qatorida ayni paytda respublikaga nisbatan xusumati bor yoki unga qarama-qarshi davlat yo‘qligini ta'kidladi. Uning aytishicha, ko‘p yillar davomida ayrim mamlakatlar bilan manfaatlar qarama-qarshiligi mavjud bo‘lgan.

Foto: Xalqaro press-klub

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekiston tashqi siyosatida erishilgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, ko‘p yillar davomida ba'zi davlatlar bilan O‘zbekiston manfaatlari bir-biriga zid bo‘lgan.

«Tashqi siyosatimizda oxirgi 4 yilda erishilgan eng muhim natijalardan biri – bugun O‘zbekistonga nisbatan xusumati bor yoki unga qarama-qarshi bo‘lgan davlat yo‘q.

Bu xuddi oddiy bir iboraga o‘xshaydi. Lekin mustaqilligimiz davrida har doim ham shunday bo‘lmagan. Ko‘p yillar mobaynida ayrim davlatlar bilan manfaatlarimiz bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan.

Muhtaram yurtboshimizning diplomatik san'ati shundan iborat bo‘ldiki, oxirgi 4 yilda barcha yo‘nalishlarda yirik hamda bizga bevosita qo‘shni bo‘lgan davlatlar bilan do‘stona muloqotni o‘rnatishga erishdik.

Yana bir yutuq – Markaziy Osiyodagi vaziyatni batamom o‘zgartirishga erishganimizda bo‘ldi. 5 yil oldin ko‘pgina siyosatshunoslar tomonidan Markaziy Osiyoda harbiy to‘qnashuvlar ssenariysi albatta bo‘ladigan voqeadek ko‘rsatilardi. Bugun bu ahmoqona fikr ekani oydinlashdi. Chunki hozir o‘zaro kelishuv asosida ochiq iqtisodiy-siyosiy muloqot olib borilmoqda.

Oxirgi 4 yilda bizning atrofimizdagi davlatlar bilan bo‘lgan savdo 2 barobarga ko‘paydi. Yangi hech narsa yo‘q. Ishlab chiqarish ham o‘sha-o‘sha. Faqatgina ochiqlik, muloqotga tayyorlik bor.

Ilgari aytaylik o‘zimiz uchun kerak bo‘lgan donlarni Qozog‘istondan, hattoki, avtomobilda olib kelar edik. Albatta, bu iqtisodiyotga zid bo‘lgan. Bugun jarayon batamom o‘zgaryapti», – dedi Senat rasmiysi.

O‘tgan yili 23 dekabr kuni Sodiq Safoyev yuqori palataning xalqaro aloqalar bo‘yicha 2020 yilda qilingan ishlari haqida ma'lumot bergandi. 

Unda Senat raisining birinchi o‘rinbosari hisobotida O‘zbekistonning YeOIIga integratsiyasi masalasiga ham to‘xtalgan.

«O‘zbekiston uchun integratsion jarayonlarda faol ishtirok etish juda muhim. Chunki O‘zbekiston o‘zining jug‘rofiy joylashuvi nuqtayi nazaridan ham muayyan imtiyoz va muammolarga ega. Shuning uchun savdo aloqalarini rivojlantirish, transport yo‘laklarini barpo etish biz uchun rivojlanishning eng muhim omillaridan biridir.

Prezident o‘z murojaatnomasida parlamentning ikkala palatasiga ham YeOII bilan hamkorlik natijalarini chuqur o‘rganish va xulosaga kelish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bizda bu masalada ekspertlar tomonidan chuqur o‘rganishlar o‘tkazildi va «kuzatuvchi davlat» maqomi ma'qul ko‘rildi. O‘ylashimcha, bu parlamentning tugayotgan yildagi eng muhim ishlaridan biri», – degan u.

Avvalroq, jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan 2021 yil davlat dasturi loyihasida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatidagi asosiy hujjatni o‘zgartirish taklifi bildirilgani haqida xabar berilgandi. Amaldagi konsepsiya esa ochiq manbalarda uchramaydi.

Top