17:52 / 27.01.2021
4029

Qo‘qonda kommunal xizmatlarni yaxshilash uchun 10 milliard so‘mga yaqin pul sarflangani aytildi

Qo‘qon shahar «Temiryo‘lchilar» madaniyat saroyida viloyat ishchi guruhi tomonidan mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish yakunlari hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar yuzasidan Xalq deputatlari viloyat va Qo‘qon shahar kengashining qo‘shma sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

Unda Oliy Majlis Senati a'zolari, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, doimiy komissiya raislari, viloyat sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qo‘shma sessiyada viloyat hokimi Xayrulla Bozorov ishtirok etib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Xalq deputatlari viloyat va shahar kengashi deputatlariga hisobot berdi. Ta'kidlanishicha, o‘rganishlar davomida shahardagi mavjud 49 814 ta aholi xonadoni birma-bir o‘rganilib, fuqarolarni qiynab kelayotgan 8 016 ta muammo aniqlangan.

Viloyat sektor rahbarlari, boshqarmalar, tashkilotlar hamda Qo‘qon shahar hokimligi mutasaddilari bilan hamkorlikda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunga qadar aniqlangan 6 449 ta muammo ijobiy hal etilgan. Tadbirkorlikka oid masala va takliflar bildirgan 176 nafar fuqaro murojaati to‘liq o‘rganilib, barchasiga yer maydonlari ajratib berilgan.

Sessiyada aytilishicha, shaharda «Qo‘qon yoshlar kichik sanoat zonasi» tashkil qilinib, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlash ishlariga 3,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, o‘rganishlar davomida 86 tadbirkorga yer maydoni ajratib berildi. Ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning 240 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi.

Ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 3 183 nafar fuqaroga 2,1 mlrd. so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, 11 nafar fuqaroga qiymati 60 mln. so‘mlik tikuv mashinalari homiylik asosida yetkazib berildi, OTMda o‘qiyotgan 7 nafar talabaga 42 mln. so‘m kontrakt pullari to‘lab berildi. Shuningdek, 47 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari berildi, 11 nafar fuqaro quloq eshitish moslamasi bilan ta'minlandi, 2 nafar fuqaroga protez-ortopediya mahsulotlari olish uchun imtiyozli talon berildi. 63 nafar fuqaroga sog‘lig‘ini tiklashi uchun sihatgohga yo‘llanma va imtiyozli order berildi. Ushbu ishlarga 65,2 mln. so‘m mablag‘ sarflandi.

Sessiyada, shuningdek, uy-joyini ta'mirlash bo‘yicha eng og‘ir sharoitdagi xonadonlarning 79 tasida ta'mirlash ishlari olib borilayotgani aytildi. Ularning 28 tasi yangidan qurilmoqda va bu uchun 3,1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Ko‘p qavatli uylarda ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borishga esa 2 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi.

Elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha aniqlangan muammolarni bartaraf etishga 1,8 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, gaz ta'minotini yaxshilash ishlarga 745 mln. so‘m, ichimlik va oqova suv ta'minoti bo‘yicha 7,1 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangani ma'lum bo‘ldi. Xarajatlarning barchasi mahalliy budjet, korxona va tashkilotlar hisobidan 30,4 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobiga amalga oshirilgan.

Ijtimoiy hayotning boshqa barcha yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha muddat va ko‘p mablag‘ talab etiladigan qolgan 1 567 ta, ya'ni 19,5 foiz murojaatlar viloyat va shahar darajasida hal etilishini ta'minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ga kiritilib, qo‘shma sessiya qarori bilan tasdiqlandi.

Mavzuga oid
Top