18:05 / 27.01.2021
6583

Sardoba fojiasiga qaramay, Sirdaryo viloyati iqtisodiy o‘sishga erishgan

2020 yil yanvar-dekabr oylarida pandemiya va Sardoba suv ombori o‘pirilishi natijasida talafot yetganligiga qaramasdan, Sirdaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish sur'atlari ta'minlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sirdaryo viloyatida o‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot hajmi 12 trillion 186,4 milliard so‘mni tashkil etib, aholi jon boshiga YaHM hajmi 14 million 274,7 ming so‘mni tashkil etdi. YaHM hajmida kichik biznesning ulushi 69,2 foizga ta'minlandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Shu bilan bir qatorda, 2020 yilning 12 oyi mobaynida viloyatda 310,1 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2019 yil yanvar-dekabr oylariga nisbatan 7,6 foiz o‘sishga erishilgan.

Shunga qaramay, o‘tgan yilda iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichi eng quyida bo‘lgan viloyat sifatida Sirdaryo (0,1 foiz) qayd etilgan. Ushbu ro‘yxatda ko‘rsatkichi eng baland hudud sifatida Navoiy viloyati (7,1 foiz) ko‘rsatilgan

Respublika umumiy YaIMda eng yuqori ulushga ega bo‘lgan hududlar bo‘yicha Toshkent shahri (15,3 foiz) peshqadam bo‘lsa, Sirdaryo ulushi (2,1 foiz) eng past hududlardan biri hisoblanadi.

2020 yilning birinchi yarim yilligida YaIM o‘sish sur'atiga hududlarning ta'siri bo‘yicha e'tibor qaratilsa, Sirdaryo viloyatida pasayish (- 3,1 foiz) kuzatilgandi. Bu bevosita pandemiya va Sardobadagi fojia bilan izohlanadi. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev bejiz «Sirdaryo viloyati tarixi endi Sardoba toshqinigacha va undan keyingi davrga bo‘linadi», deya ta'kidlamagan.

Qurilish vazirligining ma'lum qilishicha, 2020 yil 3 iyun holatiga ko‘ra, 4435ta xonadon talafot ko‘rgan bo‘lib, shulardan 2390tasi yaroqsiz, 2045tasi ta'mirtalab holatdaligi aniqlangan. Sardoba suv omboridagi fojia natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan evakuatsiya qilingan 89,450 nafar aholining 67,901 nafari – 75,9 foizi fojiadan bir oy o‘tib yashash manziliga qaytarildi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga keldi. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan edi.

Top