09:27 / 28.01.2021
3301

Apple ilk bor 100 milliard dollardan ko‘proq choraklik tushum oldi

Foto: Reuters

Apple kompaniyasi 2021 moliya yilining 1-choragida (2020 yil 26 dekabrigacha bo‘lgan 3 oylik) birinchi marta 100 mlrd dollardan ko‘proq tushum oldi. Tushum 2020 moliya yilining 1-choragiga nisbatan 21 foizga oshib, 111,4 mlrd dollarga yetgan

Kompaniyaning sof daromadi esa 22,2 mlrd dollardan 28,8 mlrd dollargacha oshgan.

“Bizning 4-chorakdagi natijalarimiz har bir toifadagi mahsulotlarimizda ko‘rsatkichlarning 2 raqamli o‘sishi evaziga ta'minlandi. Bu esa har bir geografik segmentda tushumning rekord darajada o‘sishiga olib keldi”, deb ma'lum qilgan kompaniyaning moliyaviy direktori Luka Maestri.

Kompaniya rahbari Tim Kukning ta'kidlashicha, Apple’ning faol qurilmalari soni 1,65 mlrdga yetdi. Uning aytishicha, bir yil avval bu ko‘rsatkich 1,5 mlrdni tashkil qilgan. Kukning aytishicha, kompaniya Xitoyda iPhone’lar savdosi hajmini oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Apple dunyo brendlari ro‘yxati Brand Finance Global 500’da 2020 yil yakunlariga ko‘ra 1-o‘rinni egalladi. U 2016 yildan beri birinchi marta yetakchiga aylandi. Ekspertlar Apple brendini 263,4 mlrd dollarga baholashgan. Reyting mualliflarining ta'kidlashicha, Apple biznesning muvaffaqiyatli diversifikatsiyasi hisobiga o‘tgan yilgi yetakchilar - Amazon va Google’dan o‘zib ketgan.

Top