13:14 / 28.01.2021
37773

Chirchiq shahri prokurori Bosh prokuraturaga ishga o‘tdi. U Guljahon Yo‘ldosheva ishida aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmagandi

Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov Bosh prokuraturaning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu ma'lumotni Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsiddinov Kun.uz’ga tasdiqladi.

Foto: Chirchiq shahar hokimligi matbuot xizmati

Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori – Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva avgust oyida Kun.uz saytiga intervyu berib, pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirusga chalingan bemorlarni o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

8 sentabr kuni Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, G.Yo‘ldosheva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma'lum qildi

Yo‘ldosheva hibsga olingani shov-shuv bo‘layotgan bir paytda Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov OAV orqali chiqish qilib, hali aybi to‘la isbotlanmagan shifokor aybdorligi haqidagi qat'iy fikrlarini ilgari surdi.

Yo‘ldoshevaning advokati olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlarida aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmayotganiga ham e'tibor qaratgan, himoyasi ostidagi shaxsga hali sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi chiqmay turib OAV orqali u aybdorga chiqarib qo‘yilganini ma'lum qilgandi.

Bundan tashqari, Xabar.uz nashri ham shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan ushbu masalaga e'tibor qaratib, taniqli advokat Usmonxon Salohiddinovning bu boradagi fikrlarini ommaga havola qilgandi.

«...Prokuror janoblari mazkur intervyusida amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga zid ravishda, hali tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ma'lumotlarini oshkor qilishi o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi: Jinoyat ishi dastlabki bosqichda ekanini tan olgan prokuror ayblov sudda nafaqat tasdiqlanishi, balki dalillar rad etilishi ham mumkinligini bilmaydimi yoki bila turib, qonunga zid tarzda bo‘lsa-da jamoat fikrini shakllantirishni, shu orqali sudga ta'sir o‘tkazishni maqsad qilganmi?», degan edi advokat Usmonxon Salohiddinov.

Yo‘ldoshevaga tanlangan qamoq ehtiyot chorasi oradan 1 oy o‘tib, uy qamog‘iga almashtirildi. Biroq sud ajrimi bilan unga tergov yakuniga qadar OAVga intervyu berish taqiqlab qo‘yildi.

Ayni kunlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha sud majlisi davom etmoqda. 25 yanvar kuni navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi va unda guvohlarning moliyaviy masalalar va koronavirusdan vafot etgan bemor o‘limi yuzasidan ko‘rsatmalari tinglandi. Sudga qo‘shimcha guvohlar jalb etilishi bo‘yicha iltimosnoma kiritilgan bo‘lib, keyingi sud majlisi 1 fevralga qadar tanaffus e'lon qilgan.

Top