16:01 / 28.01.2021
66544

«Hamma joyda korrupsiya, hamma joyda o‘g‘rilik» - Mirziyoyev bosh prokurorga topshiriqlar berdi

O‘zbekistonda korrupsionerlar ro‘yxati tuziladi. Bosh prokurorga bir oy ichida barcha hududlarga korrupsiya bo‘yicha «tashxis» qo‘yish vazifasi yuklatildi.

Prezident 27 yanvar kungi selektorda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga tumanlarda korrupsiya bo‘yicha o‘rganish o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Hamma joyda korrupsiya. Hamma joyda o‘g‘rilik. Qo‘limizda aniq hujjatlar bor. Yo‘l qurilishida korrupsiya, suvda, svetda korrupsiya. Maktab, kollejlar qurilishida ham.

Ijtimoiy tarmoqlarda, saytlardayam yozishyapti bu haqda har kuni.

Bosh prokuror 1 oyda hamma tumanni korrupsiya bo‘yicha «diagnozi»ni qiladi. 1 oydan keyin Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishini o‘tkazadi.

Shungacha u har bir tumanga tashxis qo‘yadi, nega «kasallangan», nega «tuzalmayapti», kim qo‘llab-quvvatlayapti ularni», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bosh prokurorga korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslar ro‘yxatini tuzishni ham topshirdi. Prezidentning aytishicha, ularning masalasi «keyin ko‘rib chiqiladi».

«Yangi O‘zbekistonni bunday hokimlar, bunday odamlar bilan qurib bo‘lmaydi. Bu bog‘cha emas. 35 millionlik aholimizni boqish kerak», – dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, prezident bir necha kun oldin Buxoro viloyatiga tashrifi vaqtida ham korrupsiya haqida gapirgan edi.

«Qanday qo‘pol bo‘lmasin, bu – jamiyatimizdagi haqiqat. O‘zbekistonda korrupsiyani yo‘q qila olmayapmiz. Prokuror degan nomga munosib bo‘lish kerak! Qonun ustuvorligini ta'minlash kerak. Prokurorga odamlar, bilasizlarmi, yorug‘ yuz bilan qarashi kerak, o‘g‘riga qaragandek qarashi kerak emas», – degandi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top