00:02 / 28.01.2021
6372

Toshkentda 26 ming ishsiz yoshlar bor, vakant o‘rinlar esa bundan 3 barobar ko‘p

Toshkent shahrida 26 ming yosh ishsiz. Lekin ayni paytda bu yerda 77 mingta vakant bor, shundan 45 mingtasiga oliy ma'lumot talab etilmaydi.

Bu haqda 27 yanvar kungi prezident selektorida so‘z bordi.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, yoshlarni kasbga o‘qitish orqali malaka toifasini berib, shunday vakant o‘rinlarga joylashtirish mumkin.

2020 yil oktyabrdagi farmonga asosan, diplomi yo‘q, lekin amaliy ko‘nikmasi bor yoshlarni malakani baholash markazlarida o‘qitib, sertifikat berish tizimi joriy etildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga «Ishga marhamat» monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy ta'lim muassasalari va yirik sanoat tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali joriy yilning o‘zida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini ta'minlash mumkinligi aytildi.

Tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sug‘urta to‘lovi bo‘yicha ko‘maklashish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bandlikni ta'minlashda eng katta zaxiralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratishdir. Lekin, o‘tgan yili bu borada murojaat qilgan 14 ming nafar yoshdan atigi 3 mingiga yer berilgan, xolos.

Bosh vazir o‘rinbosariga joylarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish tartibini joriy etish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, quduqlar qazib, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Top