07:40 / 31.01.2021
9981

AQShda SpaceX’ga nisbatan tergov boshlandi

AQShning Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) tadbirkor Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga nisbatan fazoviy kemalar parvoziga litsenziya shartlarini buzgani uchun tergov boshladi. Tergovga 2020 yil dekabrda Starship kemasining portlashi bilan yakunlangan parvozi asos bo‘ldi.

The Verge nashrining xabar berishicha, FAA olib borayotgan tergov nafaqat Starship’ning qo‘nish vaqtida portlashi, balki kompaniyaning fazoviy parvozlar shartlariga amal qilishdan bosh tortayotganini ham qamrab oladi. 

“Biz tijorat sohasidagi innovatsiyalarni jonlantirish bo‘yicha harakatlarning muhimligini tan olsak-da, FAA jamoatchilik xavfsizligini himoya qilishda o‘z javobgarligidan og‘ishmaydi”, deb aytgan boshqarma vakili Stiv Kulm. 

Shu bilan birga, u SpaceX aynan qanday qoidabuzarliklar sodir etganini ma'lum qilmagan. 

Starship’ning navbatdagi sinovi 28 yanvarda o‘tkazilishi kerak edi, biroq FAA bu parvozga ruxsat bermagan. Kompaniya rahbari Ilon Mask buni og‘riqli qabul qilgan.  

“Ularning qoidalari yiliga bir nechta davlat obektidan ortga qaytarilmaydigan parvozlarga mo‘ljallangan. Bu qoidalarga amal qilinadigan bo‘lsa, insoniyat hech qachon Marsga yeta olmaydi”, deb yozgan milliarder Twitter’da.

Ayni vaqtda Starship kemasi ishlab chiqilish bosqichida bo‘lib, u odamlar va yuklarni “Yer orbitasi, Oy, Mars va undan ham uzoqroqqa” yetkazishga mo‘ljallangan.

Top