10:26 / 31.01.2021
33180

Tong sahardan o‘tin tergani zovur bo‘yiga - Qo‘shtepaning Langarida o‘tgan bir kun

Kun.uz «Qishloqda bir kun» ruknida olis hududlardagi turmush manzaralari, qishloq odamlarining hayoti va yumushlari bilan tanishtirishda davom etadi.

Navbatdagi manzilimiz – Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Langar mahallasi bo‘ldi.

Mahallaga kirib borarkanmiz, dastlab diqqatimizni tortgan narsa – qachonlardir mahalla ahli hashar yo‘llari bilan tiklagan simyog‘ochlar bo‘ldi.

Simyog‘ochlar allaqachonlar muddatini o‘tab bo‘lgan, tagidan yemirilib, chirib bo‘lgan. Ayrim joylarda esa qo‘lbola simyog‘ochlar ham yo‘q, simlarni uylarning tomiga o‘rnatilgan yog‘ochlar ushlab turibdi.

Uzoqdan chelaklar ko‘tarib kelayotgan odamlar mahallaga ichimlik suvi hamon tortilmaganidan darak berardi. Kimdir aravada, boshqasi qo‘lida suv idish ko‘targancha ko‘chadan kelardi.

Ko‘chada eshak aravalarga o‘tin, charm, plastik idishlar ortib kelayotgan bolakaylar, daraxtning kesilgan shoxini tirkama aravalarda mashinasida tortib kelayotgan odamlarga ko‘zimiz tushdi.

Tirikchilik tashvishida qishloqda tinim yo‘q. Xonadonlardagi mo‘rilardan tutun bo‘ralab chiqayotganiga qaraganda, qishloq gaz tarmog‘idan ham mosuvo. Oilalar isinish uchun pechkalarga o‘tin va ko‘mir qalashmoqda.

Ko‘chalarini aylanar ekanmiz, suvoqlari ko‘chgan, bir qarashda g‘aribroq ko‘ringan xonadon e'tiborimizni tortdi.

Xonadonga kirishdan avval mahalla faollaridan oilaning bugungi ijtimoiy ahvoli haqida so‘radik.

Mahalla ahlining aytishiga qaraganda, bu uyda umrguzaronlik qilgan oila boshi Xudoyberdi aka 2009 yilda vafot etgan. Hozirda ro‘zg‘or tebratish vazifasi uning bevasi Shoira opaning gardanida ekan.

Shoira opaning ikki qizi Gulchehra va Gulnora ham onalariga yelkadosh bo‘lib, oila uchun pul topib kelishar, kenja farzand Sardorbek esa maktabda tahsil olar ekan.

Qishning qirovli kunlarida oila qanday yashayotgani, kunlik mehnat tarzi bilan yaqinroq tanishish maqsadida Shoira opaning uyiga kirib bordik.

Begona odamning chaqiruv ovozidan «hozir» degan ovoz eshitilib, eshikni Shoira opaning o‘zi ochdi va kimligimizni surishtirib bilgach, bizni ichkariga taklif qildi.

Hovlining chap tomonida – ikki xonali, omonatgina qilib qurilgan uy. O‘ng tomonda – oddiygina tovuq katak. Uning orqa tomonida esa g‘o‘zapoya qalashib yotardi. Uydan uzungina bo‘lib mo‘ri chiqib turibdi. Tomning bir tomonlama qilib yopilgan shiferi tagida zaxira supurgilar bog‘langan. Ikki xonali uyning o‘ng yonbosh tomonida tandir. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘pchiligimizga tanish oddiy qishloq xonadoni.

Shoira opa eri vafotidan so‘ng boshidan ko‘p qiyinchiliklar o‘tkazgan. Ikki qiz va kenja o‘g‘lini qiyinchiliklar bilan voyaga yetkazgan. Hozirda qizlari ulg‘ayib, unga ro‘zg‘or yumushlarida yelkadosh.

Ona boquvchisi yo‘qligi sabab, qizlarini o‘qita olmaganidan afsus chekadi.

Shoiraxon Holiqova

Shoira opa ketmon chopib, g‘o‘zapoya o‘rib, qishloq chekkasidagi zovurlardan o‘tin terib, farzandlarini ulg‘aytirgan. Mahallaga ichimlik suvi tortilmagani bois oila suvni ancha olisdan tashib keladi. Qolaversa, gaz yo‘qligidan o‘tin terib kelib, pechkaga o‘t qalashga majbur.

Katta qizi Gulchehra dadasi vafot etgandan keyin onasiga yordam berish uchun oshxonaga ishga kirgan. U ish boshlaganda dastlab kuniga 35 ming so‘mdan pul topgan. Sahar 6dan kech 19–20gacha oshxonada idish yuvadi.

Gulchehra qish sharoitida «metan-zapravka»larda gaz taqchilligi sabab, oshxonaga qatnashda qiynaladi. Yoz kunlarida oshxonaga borib kelish yo‘lkira xarajati bir kunda 6 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, biz Langarda bo‘lgan kunlari bu 10 ming so‘mga tushayotgandi.

Haydovchilar zapravkalardagi navbatni «inobatga olib», yo‘lkira narxini 3 mingdan 5 ming so‘mga ko‘tarib olgan. Bu esa hozirda kunlik 45 ming so‘mga ertadan kech ishlab kelayotgan Gulchehra uchun noqulaylik tug‘dirmoqda.

Gulchehra Nizomova

Oila qizlari erta bahordan dalaga chiqishadi. G‘o‘zapoya uchun daladan qator olishadi. Gulchehra haftaning har payshanbasida oshxonaga boradi. Qolgan payt qishloqdagi tengdoshlari bilan zovur bo‘ylaridan o‘tin terib kunni kech qiladi.

Ertalab o‘tin tergani ketganicha tushlikda uyigan qaytadi. Tushlik qilib esa yana o‘tin terishga jo‘naydi. Terib kelgan o‘tinni yoqish uchun maydalab bo‘laklarga ajratadi.

Shoira opaning kichik qizi Gulnora hozirgi qish sharoitida kunlik ishda ishlayapti.

Gulnora ishning og‘ir yengilligiga qarab kuniga 50 ming-60 ming topadi. Ishlab topgan puliga ukasi Sardorbekka kiyim sotib oladi, uyga bozorlik olib keladi. Kuz faslida qishloqda to‘y ko‘p bo‘lgani uchun to‘ylarga borib idish-tovoq yuvadi. Kuzda jamg‘argan puliga ko‘mir sotib oladi.

Gulnora Nizomova

U o‘qimoqchi bo‘lib, ta'lim dargohiga xujjat ham topshirgan. Lekin sharoit bo‘lmagani bois tahsil ololmagan.

Gulnora ichimlik suvini qo‘lda tashiydi. Bir kunda 2 marta uyiga chelakda suv olib keladi. Qishloqda tabiiy gaz yo‘q, oila o‘tindan foydalanishga o‘rgangan.

Gulnora qachonlardir qishloqda sharoit yaxshi tomonga o‘zgarishini orzu qilib yashaydi. Uyida tabiiy gaz yonib turishi, uyidagi jo‘mrakdan ichimlik suvi kelib turishi, «svet» o‘chmasligini ich-ichidan orzu qiladi.

Qishloq bolalari uchun stadionlar, bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar maskanlar bo‘lishini xohlaydi. U qishloq ahlining madaniy hordiq chiqarish uchun yo‘lkira sarflab Farg‘ona shahriga bormasligini, shu tumanning o‘zida ana shunday dam olish joylari qurilishini istaydi.

***

Biz oilaning bir kunlik hayot tarzi bilan tanishar ekanmiz, noqulay sharoitga rozi bo‘lib yashayotgan baxtiyor oilaning birdamligiga, ularning metindek irodasiga tahsinlar aytdik.

Qishloqdan ancha olisda bo‘lgan zovurdan o‘tin terib kelish, xo‘l novdalarni arralab, bo‘laklarga ajratish, uni boltada chopish, qishning ayozli kunida ham dalaga chiqib g‘o‘zapoya o‘rish, olisdan chelaklab suv tashib kelish, qishloqdan olis hududga borib oshxonada idish-tovoq yuvib kelish...

Bu yumushlar bir qarashda oddiydek tuyuladi. Biroq boshqa bir sharoitdan kelib, qishloqning bir kunlik hayot tarzini ko‘rgan har qanday kishi mana bunday hayot «mashaqqatlari» oldida o‘zini qo‘yarga joy topa olmasligi shubhasiz.

Oddiy bir oila misolida qishloqning bir kuni bilan yaqinroq tanishib, ortga qaytarkanmiz, Langarda tezroq sharoitlar ijobiy tomonga o‘zgarishini, qishloqqa aholi orzu qilgan muhit tezroq kirib kelishini astoydil xohladik.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Top