20:03 / 01.02.2021
5546

Bojxonachilar 3,5 mlrd so‘mlik telefonlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi

O‘zbekiston bojxonachilari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirlarda yirik miqdorlarda noqonuniy telefon aylanmasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Birinchi holatda, Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi tomonidan Toshkentda avvaldan kuzatuvga olingan «Malibu» avtomobilidagi 3 nafar fuqaro (N.E., A.R. va Yu.A.) umumiy qiymati 550 million so‘mlik 219 dona uyali aloqa vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Yana bir holatda, Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro M.A. o‘z boshqaruvidagi «Kobalt» avtomobili saloni va yukxonasida umumiy qiymati 100 mln so‘mlik 33 dona qo‘l telefonlarni noqonuniy realizatsiya qilayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, Bektemir tumanida kuzatuvga olingan fuqaro K.M. respublikaga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 350 million so‘mlik 122 dona uyali telefonlarni qonunga xilof ravishda sotayotgani fosh etildi.

Boshqa bir tezkor tadbir Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan Shayxontohur tumanida o‘tkazildi. Tumandagi savdo majmuasiga qarashli omborda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 2 mlrd 205 mln so‘mlik 19 turdagi 304 dona uyali aloqa vositalari noqonuniy ravishda saqlanayotgani ma'lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining chegara oldi hududidan kuzatuvga olingan «Kia-Karnival» rusumli yengil avtomobil Quvasoy shahrida to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomobil salonining orqa qismiga joylangan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 250 million so‘mlik, 24 turdagi jami 161 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida umumiy qiymati 3,5 milliard so‘mlik uyali aloqa telefonlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top