23:49 / 02.02.2021
7272

O‘zbekistonga olib kirilishi taqiqlangan 132 ming dona lazerli nur tarqatkichlar ushlab qolindi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent shahar bojxonachilari «Chuqursoy texnik idora» va «Chuqursoy» bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtda faoliyat yurituvchi jamiyatlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteynerini belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Natijada, yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, 549 mln so‘mlik 277 472 dona xo‘jalik mollari hamda chetdan olib kirish va sotish taqiqlangan 1 mlrd 319 mln so‘mlik 132 000 dona lazerlar borligi aniqlandi.

Jami qiymati 1 mlrd 869 mln so‘mni tashkil etuvchi mazkur tovar moddiy boyliklari o‘rnatilgan tartibda vaqtincha saqlovga olindi.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 fevraldagi 50-son qaroriga muvofiq, 2013 yil 1 martdan boshlab lazer nurli ko‘rsatkichlar sifatida foydalaniladigan portativ lazerli nur tarqatkichlarni O‘zbekistonga olib kirish va sotish taqiqlangan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Salkam 1,4 milliard so‘mlik qing‘irlik

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan «Chuqursoy» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga Farg‘ona viloyatidagi MChJlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan tovarlarni ko‘zdan kechirish davomida navbatdagi bojxona qonunbuzilishi holati fosh qilindi.

O‘tkazilgan bojxona ko‘rigi davomida qiymati 525 mln 439 ming so‘mlik 1428 dona avtomobil shinalari hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagani aniqlandi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MChJlardan birining nomiga ham hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha – 1178 dona shina keltirilgani ma'lum bo‘ldi.

Bojxona nazoratidan yashirilgan mazkur tovarlar qiymati esa 433 mln 450 ming so‘mni tashkil qildi.

Ikkita qonunbuzarlik holatida aniqlangan avtomobil shinalarining umumiy qiymati salkam 1 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Yana bir holatda, o‘tkazilgan tadbir davomida xorijdan temir yo‘l konteynerida Andijon viloyatidagi MChJlardan birining nomiga keltirilgan tovarlar bilan ularga tegishli hujjatlarni taqqoslash jarayonida asosli shubhalar yuzaga keldi.

Bojxona ko‘rigi davomida esa shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi. Konteynerda yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ayrim tovarlar o‘rniga bojxona to‘lovlari yuqori bo‘lgan va hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 345 million so‘mlik 2,5 ming dona termos, 18 ming dona tibbiy buyumlar, shuningdek, qurilish materiallari va boshqa xo‘jalik mollari borligi ma'lum bo‘ldi.

Bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlagan uddaburon

Toshkent shahar bojxonachilari 3ta yuk mashinasini belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazishdi.

Natijada, mazkur transport vositalari «Tovarlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga zid ravishda ekologiya sertifikati olinmagan holda rasmiylashtirilgani hamda bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar amal qilish muddati tugagani sababli bojxona to‘lovlaridan 694 mln so‘mlik imtiyozlardan noto‘g‘ri foydalangani aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom etmoqda.

Top