15:35 / 03.02.2021
4500

Adliya vazirligi davlat xaridlarida import tovarlar cheklanganiga izoh berdi

O‘zbekiston hukumati xorijda ishlab chiqarilgan 529 xil mahsulotning davlat xaridlaridagi ishtirokini taqiqlab qaror chiqargan edi. Adliya vazirligi mazkur qarorga izoh berdi.

Pandemiya davrida aholining xarid quvvati pastligi tufayli eksport imkoniyatlari sezilarli darajada qisqargan. Buning oqibatida bir qancha mahalliy tadbirkorlar faoliyatida uzilishlar ro‘y bergan. Ularning faoliyatini yaxshilash uchun davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojlari uchun mahalliy tadbirkorlar mahsulotlaridan foydalaniladi. Adliya vazirligi «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarorini shunday izohladi.

Vazirlik mas'ul xodimi D.Rajaboyev imzosi bilan e'lon qilingan munosabatga ko‘ra, bu qaror quyidagicha izohlanadi:

  • Ichki bozor va mahalliy tadbirkorlarni himoya qilish tendensiyasi boshqa davlatlarda ham amalga oshirilgan. Xususan, Rossiya davlat xaridlarida 170 dan ortiq tovarlar va xizmatlar importini taqiqlagan.
  • 2019 yilda respublikada 55 mingta korxona tashkil etilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 96 ming 743 tani tashkil qilgan. Demak, yangi ishlab chiqarish quvvati ikki barobar oshgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar sonining ortishi aholi bandligini ta'minlash, soliq tushumlarining ham ko‘payishiga zamin yaratadi.
  • Taqiq va cheklov faqat davlat xaridlari doirasida mavjud, xususiy tadbirkorlar yoki fuqarolar o‘z ehtiyojlari uchun istalgan tovarni xarid qilishi yoki xizmatlardan foydalanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvarda xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar va xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtinchalik taqiqlash haqida qaror qabul qilingan edi.

Qarorda davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va cheklangan xorijiy tovarlar ro‘yxatiga 529 turdagi mahsulot va xizmatlar kiritilgan.

Top