18:15 / 03.02.2021
7486

Samarqandning YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy markazida 251 ta amaldagi talablarga zid ishlar qilingan

YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy markazi va uning qo‘riqlanadigan hududlarida amaldagi talablarga zid ravishda bajarilgan 251 ta yer qazish, qurilish, ta'mirlash-tiklash ishlari aniqlangan. Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, viloyat turizm boshqarmasi tomonidan 2020 yilda moddiy madaniy meros obektlarining qo‘riqlanadigan hududlarida turli xil qurilish va xo‘jalik ishlarini olib borgan 100 ga yaqin jismoniy hamda yuridik shaxslarga nisbatan og‘zaki ogohlantirish berilgan.

Yigirmata holat bo‘yicha prokuratura va sud organlariga tegishli hujjatlar yuborilib, 14 ta holat yuzasidan ma'muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan. Oltita holat bo‘yicha kamchiliklar joyida bartaraf etilib, ijobiy hal qilingan. Ikkita holat bo‘yicha Samarqand shahri va Pastdarg‘om tumani hokimlarining qarorlari bekor qilingan.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda viloyatdagi «Dabusiya» (Paxtachi tumani), «Jartepa», «Sulaymontepa» (Urgut tumani) hamda «Kofirqal'a» (Samarqand tumani) arxeologik madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarini «Ipak yo‘li: Zarafshon daryosi va Qayroqum yo‘nalishi» bo‘yicha YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha loyiha-taklifining muhokama jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Botir Nurullayevning ma'lum qilishicha, bugungi kunda Samarqand viloyatida 1607 ta moddiy madaniy meros obektlari ro‘yxatga olingan. Bu obektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros obektlari hisoblanadi.

Hozirga qadar viloyat bo‘yicha 1513 ta moddiy madaniy meros obektining davlat kadastr hujjatlari shakllantirilib, 874 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, Qo‘shrabot tumanida 3 ta, Jomboy, Bulung‘ur va Nurobod tumanlarida 2 tadan, Samarqand va Ishtixon tumanlarida 1 tadan jami 11 ta yangi moddiy madaniy meros obektlari aniqlangan.

Top