15:30 / 03.02.2021
10966

TIV Al Jazeera muxbiriga O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya berdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi xorijiy jurnalist Agneshka Pikulitskani akkreditatsiyalanganini ma'lum qildi.

Agneshka Pikulitska / Foto: Instagram

Qatarga tegishli Al Jazeera telekanalining O‘zbekistondagi muxbiri, polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiyasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bergan.

Avvalroq, polshalik jurnalist Tashqi ishlar vazirligi xodimini shilqimlikda ayblab, akkreditatsiya masalasi olti oyda ham hal bo‘lmaganini bildirgandi. Shuningdek, u o‘ziga nisbatan bosim bo‘lgani, ijobiy material yozishni so‘rab, qistov qilinganini aytgan.

Holat yuzasidan Senat raisi Tanzila Norboyeva, jamoatchilik tashkiloti rahbari Komil Allamjonov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish agentligi o‘z munosabatini bildirgan.

2 fevral kuni e'lon qilingan TIV munosabatida esa jurnalistga tegajog‘lik qilgan xodim ishdan bo‘shatilgani ta'kidlanib, akkreditatsiya masalasi bir kunda hal bo‘lishi ma'lum qilingandi.

2020 yil 28 aprel  holatiga ko‘ra, TIV akkreditatsiyasidan o‘tgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 53 nafarni tashkil etgan. Ularning ko‘pchiligi Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlariga tegishli OAV uchun ishlaydi. 

Top