22:21 / 04.02.2021
11466

Koronavirusga qarshi emlash: Xitoy vaksinalari haqida nimalar ma'lum?

Xitoyning koronavirusga qarshi vaksinalari ko‘plab davlatlarda sinovdan o‘tyapti. Ba'zi davlatlar, jumladan, Ukraina, BAA va Serbiya vaksinalarni sotib olishni ham boshladi. Xitoy vaksinalari qanchalar samarador va xavfsiz?

Boshqa ko‘plab davlatlar kabi Xitoy ham koronavirusga qarshi vaksina yaratish poygasiga qo‘shilgan. Hozirga kelib uch farmatsevtik firma: Sinopharm, Sinovac va CanSino kompaniyalari vaksinalarining istiqboli porloq deya baholanmoqda.

Yaqin kunlargacha bu uch kompaniya preparatlarining ikkinchi va uchinchi fazada o‘tkazilgan sinovlardagi samaradorligi haqida ko‘p narsa ma'lum emasdi. 2020 yil oxiriga kelib Xitoy hukumati Sinopharm kompaniyasining vaksinalari bozorga chiqarilishiga ruxsat berdi va kompaniya o‘z vaksinasining samaradorligi haqidagi ma'lumotlarni oshkor qildi – 79 foiz.

Hozirga kelib Sinopharm vaksinasi bilan bir milliondan ortiqroq odam emlangan bo‘lsa-da, bu yo sinovlar uchun yoki yozda hukumat ruxsat bergan favqulodda holatlarda qo‘llanadi, xolos. Endi esa, aftidan, vaksinaga rasman «yashil chiroq» yondi. Faqat bir sharti bor: Xitoy farmatsevtik mahsulotlar davlat boshqarmasi muovini Chen Shifeyning so‘zlariga ko‘ra, faqat yuqori darajadagi riskka moyil guruhda qo‘llashga izn bor.

Bir vaqtning o‘zida Xitoy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda G‘arbda tasdiqdan o‘tgan vaksinalar samaradorligi va xavfsizligiga nisbatan shubha uyg‘otish kampaniyasi boshlanib ketdi. Xususan, BioNTech va Pfizer kompaniyalari o‘zlari ishlab chiqqan vaksinaning xavfini yashirishyapti. Davlat telekanallarining mashhur boshlovchilaridan biri bu haqda hatto Tvitterda ham yozib chiqdi.

Xitoy farmkompaniyalari o‘z vaksinalariga zarur komponentlarni Fosun Pharma firmasi orqali aynan BioNTech va Pfizer kompaniyalaridan sotib olishyapti. G‘arb vaksinalarini obro‘sizlantirish mahalliy vaksinalarning ancha kamtarona yutuqlaridan e'tiborni chalg‘itish uchun qilinayotgan bo‘lsa ajabmas. Xitoy farmkonsernlari tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlar ular ishlab chiqqan vaksinalar samardorligi g‘arblik raqobatchilarnikidan pastroq ekaniga dalolat qilyapti.

Xitoy vaksinalari haqida nimalar ma'lum?

Sinopharm: uchinchi faza 10 mamlakatda o‘tkazildi

Vero vaksinasi zararsizlantirilgan (o‘ldirilgan) koronavirus asosida yaratilgan. Sinopharm kompaniyasi uni Uhandagi virusologiya instituti va biologik mahsulotlar instituti bilan birgalikda ishlab chiqqan. Virusni zararsizlantirish – vaksina yaratishda eng eski va ishonchli usullardan biri. Shu texnologiya bo‘yicha ichterlama, gepatit B, poliomiyelit, ko‘kyo‘tal va qoqshol vaksinalari yaratilgan.

Vero vaksinasining uchinchi faza sinovlari BAA, Bahrayn, Peru, Serbiya, Marokash, Argentina, Iordaniya va Pokiston kabi mamlakatlarda o‘tkazildi.

Hozirga kelib vaksina Xitoydan tashqari BAA va Serbiyada ham tasdiqdan o‘tgan. Perudagi sinovlar ko‘ngillilardan birida emlashdan so‘ng qo‘llar harakatini qiyinlashtirib qo‘yuvchi Giyen-Barre sindromi kuzatilgani sabab dekabr oyida to‘xtatib qo‘yilgandi.

Sinovac Biotech: Ukraina vaksina yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan

Sinovac Biotech kompaniyasining CoronaVac vaksinasi ham SARS-CoV-2’ning zararsizlantirilgan virusi asosida yaratilgan. Sinovlarning uchinchi fazasi Braziliya, Indoneziya, Bangladesh va Turkiya kabi davlatlarda o‘tkazildi. CoronaVac vaksinasining samaradorligi haqidagi ma'lumotlar rasman oshkor etilmadi, biroq Braziliyadagi sinovlarda samaradorlik 78 foizni tashkil qilgan. Indoneziya sog‘liqni saqlash organlari esa, 65 foiz atrofida deb aytishgan.

Bu preparat G‘arb vaksinalari kabi samarador bo‘lmasa-da, uning ta'siri samaradorligi 30-60 foiz bo‘lgan grippga qarshi vaksinalarnikidan yuqoriroq.

CoronaVac vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha Ukraina shartnoma imzolab bo‘ldi. Shuningdek, Tailand ham shartnoma imzolashni rejalashtiryapti. Vaksinaga Malayziya va Singapurda ham qiziqish bildirilgan. Xitoyning o‘zida esa, vaksinani favqulodda ruxsat bilan qo‘llashga izn berishdi.

Sinovac Biotech kompaniyasi o‘z preparati samaradorligini dozalar orasidagi intervalni cho‘zish orqali oshirmoqchi. Lekin bu ham yana tadqiqot o‘tkazishni talab qiladi.

CanSino Biologics: Xitoy harbiylarida sinab ko‘rilyapti

Ad5-nCoV yoki Convidecia preparati CanSino Biologics kompaniyasining Pekin biotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqqan vaksinasi. U 5-turdagi adenovirus asosidagi vektor vaksinasidir.

Ta'sir usuliga ko‘ra u shved-britan AstraZeneca va Oksford universiteti vaksinasiga o‘xshaydi. SARS-CoV-2 ma'lumotini o‘ziga singdirgan zararsiz adenovirus vektor bo‘ylab harakatlanadi va nusxalangan sirtqi patogen oqsillarini hujayralarga yetkazadi hamda immunitetni ishga tushiradi.

Uchinchi faza sinovlari Pokiston, Rossiya, Meksika va Chilida o‘tkazilyapti. Shuningdek, Saudiya Arabistonida ham tadqiqotlar o‘tkazish ko‘zlangan.

Xitoy hukumatining CanSino Biologics kompaniyasiga Kanadaga vaksina olib ketishga ruxsat bermagani bois Halifaks shahridagi vaksinalogiya markazida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan sinovlar bekor qilindi.

2020 yilning iyun oyidan beri Ad5-nCoV preparati bilan xitoylik harbiylar emlab kelinmoqda. Vaksinaning samaradorligi haqidagi ma'lumotlar hali oshkor qilinmadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top