10:43 / 04.02.2021
5615

Pokiston delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurdi

Joriy yilning 3 fevral kuni Pokiston delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh vazir maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud boshchiligidagi delegatsiya bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarqand shahrida uchrashdi. 

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Pokiston delegatsiyasi uchun dastlab Samarqandning investitsion jozibadorligi, turizm salohiyati, tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishidagi imkoniyatlariga doir taqdimot o‘tkazildi. 

Muzokaralar davomida aviaqatnovlarni rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, oliy ta'lim muassasalarida o‘zaro tajriba almashinuvlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ayni paytda Samarqand davlat tibbiyot institutida 130 nafar pokistonlik talabalar tahsil olmoqda. Yaqinda yana 120 nafar talaba va 10 nafar professor-o‘qituvchi Samarqandga tashrif buyurishi ma'lum qilindi.

Tashrif asnosida mehmonlar Imom Al-Buxoriyning hayoti, uning hadis ilmiga qo‘shgan buyuk ma'naviy merosi bilan yaqindan tanishish maqsadida ulug‘ muhaddis qabrini ziyorat qilishdi hamda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lishdi.

Top